“Tashkent City”dagi restoranlarning “tanka”si bormi? Maxsus komissiya qarori nega ishlamayapti?
Jamiyat
−
06 avgust 2021
41761Xabaringiz bor, iyun-iyul oylariga kelib O‘zbekistonda koronavirusga chalinish va o‘lim holatlari ko‘paydi. O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 17 iyuldagi qarori bilan 20 iyuldan boshlab, umumiy ovqatlanish ob’ektlari – restoran, kafe, oshxona va choyxonalarni soat 8:00 dan 20:00 gacha faqatgina ochiq havoda ishlashiga ruxsat berildi.
QALAMPIR.UZ’ga ayrim kafe va restoranlar karantin qoidalariga amal qilmayotgani, soat 20:00 dan keyin ham faoliyatini to‘xtatmayotgani haqida murojaatlar kelib tushdi. Murojaatni o‘rganish maqsadida QALAMPIR.UZ “Tashkent City” hududidagi umumiy ovqatlanish ob’ektlarida bo‘ldi.
Park hududida bir nechta kafe-restoranlar bo‘lib, ularda soat 20:00 dan keyin ham turli tadbirlar o‘tayotgani, xo‘randalar oqimi 21:00 dan so‘ng ham tinmayotganini bilish qiyin emas. Nafaqat ochiq osmon osti yoki suv oldida, balki restoranning ichida ham joy yo‘qligiga guvoh bo‘ldik. Umuman olganda hududdagi yemakxonalar karantin qoidalari yo‘qdek, faoliyatini davom ettirmoqda.
Toshkent shahar hududida kafe, restoran ovqatlanish ob’ektlari ko‘p. Lekin ularning aksari soat 20:00 dan so‘ng ish faoliyatini to‘xtatib, faqat yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqda. Ayrim restoranlar na karantin qoidasi, na maxsus komissiya qarorini mensimayapti va bunga “Tashkent City” ro‘parasidagi Toshkent shahar hokimligi ham ko‘z yummoqda.
“Restoran ichkarisiga kirar ekanmiz xo‘randalar ko‘pligini ko‘rdik. Menejer telefon orqali gaplasharkan joylar kamligi oldindan buyurtma asosida kelishlari mumkinligini ta’kidlardi. Soat nechagacha ishlaysizlar, degan savolga esa 22:00 gacha deb javob berishdi. Odam gavjum, kimdir do‘stlar davrasida tavallud kunini nishonlasa, yana kimdir oila a’zolari bilan taom tanovul qilyapti, soat 21:00 dan oshsa ham buyurtmalar va mehmonlar oqimi tinmadi”, deydi QALAMPIR.UZ muxbiri.
Shuni alohida ta’kidlaymizki, QALAMPIR.UZ kimningdir tadbirkorlik faoliyatiga xalal berish, to‘sqinlik qilish yoki nomini bulg‘ash niyatidan yiroqda. Tadbirkorlik faoliyatini olib borganlarning har biri nafaqat bir, balki bir nechta odamning qozonini qaynatadi. Shunchaki tadbirkorlarning ayrimlari koronavirus tarqalishi kuchayganini ko‘rib bilgan holda qonun-qoidalarga bo‘ysunib, faoliyatini to‘xtatyapti, ayrimlariga esa hech kimning “tishi o‘tmayapti”. Maxsus komissiya qarorlariga bo‘ysunmayotganlarga ham ko‘z yumilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, ya’ni 257-1-moddasida qayd etilgan jinoyatni sodir etganlik uchun BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solish yoki 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash nazarda tutilgan.
Shaharning qoq markazida, Toshkent shahar hokimiyatining ro‘parasida bir necha kafelar emin-erkin, Respublika maxsus komissiyasining qarorini pisand qilmay ishlayapti. Nazoratga mas’ul bo‘lganlar, prokuratura, ichki ishlar, milliy gvardiya va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatidagilarning esa parvoyi falak. Xo‘sh, ular hamma ko‘rib turgan narsani ko‘rmayaptimi yoki ko‘rishni istamayapti? Oddiy odamlar maska taqmaganiga jarima solib, OAVda dod deb chiqadiganlar qayerda?
LiveBarchasi