NYT Qoshiqchining o‘ldirilishi bilan bog‘liq tafsilotlarni oshkor qildi
Olam
−
23 iyun 2021
8332Jurnalist Jamol Qoshiqchining qotilligida qatnashgan to‘rt nafar saudiyalik ilgari AQSHda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Bu haqda “The New York Times” xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, tayyorgarlik AQSH Davlat departamenti tomonidan tasdiqlangan shartnoma asosida amalga oshirilgan. NYT ma’lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlar Qoshiqchini o‘ldirishda ishtirok etgan maxfiy bo‘linma “norozilikni bostirish” maqsadida valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon al-Saud buyrug‘i bilan Saudiya Arabistoni fuqarolarini o‘g‘irlash, hibsga olish va qiynoqqa solishni o‘z ichiga olgan katta kampaniyani boshlagan paytda bo‘lib o‘tgan.
Shartnoma ishtirokchilari o‘q otish va hujumlarga javob berish, shuningdek kuzatuv usullari va yaqin jang qilish bo‘yicha o‘qitilgan. Mashg‘ulotlar ularga “Saudiya Arabistoni rahbarlarini yaxshiroq qo‘riqlashni” o‘rgatishi kerak bo‘lgan.
Tayyorgarlik uchun Arkanzas shtatida joylashgan Tier 1 Group kompaniyasi mas’ul bo‘lgan. Shu bilan birga, ta’kidlanishicha, ushbu mashg‘ulotni ma’qullagan amerikalik rasmiylar yoki Tier 1 Group rahbarlari Saudiya Arabistonidagi repressiyalarda ushbu saudiyaliklarning ishtiroki to‘g‘risida hech qanday dalil yo‘qligini da’vo qilmoqda. Tier 1 Group vakili, o‘z navbatida, saudiyaliklarning mashg‘ulotlari “keyingi shafqatsizliklarga taalluqli emasligini” ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Ar-Riyod siyosatiga oid tanqidiy maqolalari bilan tanilgan Qoshiqchi 2017 yildan beri AQSHda yashab, “The Washington Post” gazetasida ishlagan. U 2018 yilning 2 oktyabr kuni o‘z mamlakatining Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga tashrif buyurganida g‘oyib bo‘lgan. 20 oktyabr kuni Saudiya rasmiylari jurnalist to‘qnashuv natijasida diplomatik vakolatxona binosida o‘ldirilganini tan olgan.
Eslatib o‘tamiz, qotillikda ayblangan sakkiz kishining besh nafariga 20 yil qamoq jazosi tayinlangandi, bir kishi o‘n va yana ikki nafar ayblanuvchi yetti yilga qamalgandi.