Turkiya Qoshiqchi ishini Saudiyaga topshiradi
Olam
−
02 aprel 2022
7877Turkiya Adliya vazirligi jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha ishni Saudiya Arabistoniga o‘tkazishga qaror qildi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar bermoqda.
“Turkiya Adliya vazirligi jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha ishni Saudiya Arabistoni sudiga o‘tkazishga qaror qildi. Vazirlikning tegishli qarori Istanbul prokuraturasiga yuborildi”, deyiladi agentlik xabarida.
Aytilishicha, Saudiya Arabistoni diplomatik missiyasidagi shov-shuvli qotillikka aloqador ishda 26 kishi ishtirok etmoqda. Tergov doirasida Saudiya Arabistonidan Qoshiqchini o‘ldirish uchun kelgan 15 kishidan sakkiz nafarining shaxsi aniqlangan.
“2021 yil 17 oktyabr kuni prokuratura ruxsati va Saudiya tomonining roziligi bilan Bosh konsullikda tintuv o‘tkazildi. Diplomatik missiyaning 20 nafar xodimidan ko‘rsatma olindi. Tergov natijalari Istanbul shahar og‘ir jinoyatlar bo‘yicha 11-sudiga o‘tkazildi. Jinoyat ishida 20 nafar ayblanuvchining ismi ko‘rsatilgan: ularning barchasi xalqaro qidiruvga berilgan. “The Washington Post” gazetasi kolumnisti Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha yakuniy qarorni Istanbul prokuraturasi qabul qiladi”, deyiladi agentlik xabarida.
2020 yil sentyabr oyida Saudiya Arabistoni sudi Qoshiqchi qotilligi bo‘yicha yakuniy hukmni chiqargan. Sakkiz ayblanuvchidan besh nafari 20 yilga, bir nafari 10 yilga, yana ikki nafari esa yetti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, Ar-Riyod siyosatiga oid tanqidiy maqolalari bilan tanilgan Qoshiqchi 2017 yildan beri AQSHda yashab, “The Washington Post” gazetasida ishlagan. U 2018 yilning 2 oktyabr kuni o‘z mamlakatining Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga tashrif buyurganida g‘oyib bo‘lgan. 20 oktyabr kuni Saudiya rasmiylari jurnalist to‘qnashuv natijasida diplomatik vakolatxona binosida o‘ldirilganini tan olgan.
LiveBarchasi