Nukusdagi “telpak voqeasi”dan keyin YPX xodimlari yangicha alkotester bilan “qurollantirildi”

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Yo‘l-patrul xizmati xodimlariga yangi namunadagi alkotester qurilmasi tarqatildi. Hozircha respublika bo‘ylab 150 ta shunday moslama YPX xodimlariga yetkazilgan. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabar qildi.

YPX xodimi haydovchi alkogol ichimligi ta’sirida deb gumon qilganda Alcostop 8000S alkotester moslamasi yordamida uni to‘xtatilgan joyning o‘zida tekshiruvdan o‘tkazadi.

Qurilma aktiv hamda passiv rejimlarda ishlatiladi. Passiv rejimda haydovchi to‘xtatilgan paytda YPX xodimi alkotesterning puflash tomonini haydovchiga yaqinlashtiradi. Moslama 5–10 santimetr masofada haydovchining og‘zidan chiqqan etanol bug‘lari orqali uning spirtli ichimlik iste’mol qilgani yoki yo‘qligi ma’lum bo‘ladi. 

Agar u alkogolli ichimlik iste’mol qilgan bo‘lsa, alkotesterdagi milligramm ko‘rsatkichi ko‘tariladi. Keyin haydovchining mastlik holatida ekani yoki mast emasligini aniqlash uchun qurilma faol rejimga o‘tkaziladi va unga bir martalik uskuna unga o‘rnatiladi. Moslamada kamera bo‘lib, puflash jarayonida haydovchining yuz qismini tasvirga oladi va chekda aks ettiradi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, haydovchining og‘zidan chiqqan etanol bug‘larining konsentratsiyasi ko‘rsatkichi 0,135 milligramm va undan yuqori bo‘lgan taqdirda mast deb topiladi va unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 131-moddasi tartibida bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi oxirida Nukusda Yo‘l-patrul xizmati xodimi bosh kiyimini yechib, haydovchining spirtli ichimlik iste’mol qilganini aniqlash maqsadida undan puflashini so‘ragani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda kulguga sabab bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Nukus alkotester

Baholaganlar

165

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing