Nukus voqealarida hibsga olinganlar qiynoqqa solinganmi?

Jamiyat

image

Joriy yilning iyul oyida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan tartibsizliklar bo‘yicha ayblov qo‘yilib, sudlanayotganlarga nisbatan qiynoq qo‘llanilmagan. Bu haqda Sobiq siyosiy mahbus, Mustaqil komissiya a’zosi, Nukus voqealari ishtirokchilari sudini kuzatib borayotgan “Huquqiy tayanch” birlashmasi rahbari A’zam Farmonov ma’lum qildi.

“Sud majlisida mahbuslarga qiynoqlar bo‘yicha hech kim savol bergani yo‘q. Ammo sudda so‘roq qilinganlarning aksariyati “biz hukumatga qo‘l ko‘targan bo‘lsak ham, ular bizga nisbatan noinsoniy harakat qilmadilar. Bizga judayam yaxshi muomalada bo‘lishdi, uch mahal issiq ovqat berishdi. Turli vahimalar bo‘ldi, bizning qiynoqqa solinayotganimiz haqida, lekin aslida unday emas. Faqat vijdonimiz og‘riyapti, biz shuncha insonlarning o‘limiga o‘zimizni sababchi deb bilamiz”, deb gapirdilar. 

Biz faqatgina 22 nafar mahbusning gaplaridan kelib chiqib, qiynoqlar qo‘llanilmagani haqida xulosa qilmayapmiz. Shuncha odam qo‘lga olindi, qanchasi ma’muriy javobgarlikka tortilgach, qamoqdan ozod etildi. Ularning birortasi qiynoqlar haqida davlat organlari yoki OAVga murojaat qilgani yo‘q”, deydi A’zam Farmonov.

Mustaqil komissiya a’zosi mahbuslarning bu gaplari uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligi ehtimoldan yiroqligini qo‘shimcha qildi.

“Bu gaplar ssenariy yoki spetakl emas, deb o‘ylayman. Chunki bu haqda ulardan hech kim so‘ragani yo‘q, ularning o‘zlari samimiy so‘zlashmoqda. O‘zlarining emas, vijdoni yoki yaqinlari qiynalgani haqida gapirishyapti. Shu bois bu boradagi gaplar uyushtirilmagan degan fikrdaman”, deya ta’kidladi huquq faoli.

Eslatib o‘tamiz, Nukusdagi voqealar bo‘yicha sud jarayoni joriy yilning 28 noyabr kuni boshlandi. Ish doirasida 22 kishi sudlanmoqda. Ayblanuvchilarning barchasi o‘z aybiga qisman yoki to‘liq iqror bo‘ldi. 


Maqola muallifi

Teglar

sud Qoraqalpog'istondagi tartibsizliklar

Baholaganlar

228

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing