Noyabrdan xorijliklarga Umra ziyorati uchun ruxsat beriladi. Ziyoratchilarga qator talablar qo‘yilgan

Jamiyat

image

Avvalroq, Saudiya Arabistoni Podshohligi Umra ziyorati to‘rt bosqichda, mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi taklif va tavsiyalari asosida qayta tashkil etilishi xabar qilingandi.

Bugunga qadar umra tadbirlari 2 ta bosqichda qayta yo‘lga qo‘yildi. Shu yilning 4 oktyabrdan birinchi va 18 oktyabrdan ikkinchi bosqichlar boshlandi. Hozirga kelib kunlik ziyoratchilar soni 15 mingtani tashkil etmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ushbu ikki bosqichda Umra ibodatini ado etuvchilar soni cheklangan bo‘lib, maxsus onlayn navbat dasturi orqali ro‘yxatga olinmoqda va ziyoratchilarning Masjidul Haram hududiga kirishlari tashkiliy ravishda amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Haj va umra vazirligining bayonotida joriy yil 1 noyabridan e’tiboran, Umra ibodatini ado etish uchun xorijlik ziyoratchilarni qabul qilish nazarda tutilgan edi. Ruxsat etilgan davlatlar ro‘yxati mamlakatlarning epidemiologik holatidan kelib chiqib, Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan shakllantirilishi alohida ta’kidlangan.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda ushbu tadbirlarni tashkil etishga vakolatli tashkilot – Musulmonlar idorasi fuqarolarning to‘liq tibbiy xavfsizligini ta’minlagan holda, rasmiy, ishonchli, xavfsiz va qulay Umra xizmatlarini taqdim etish ustida hamkorlar bilan jadal ish olib bormoqda.

1 noyabr kunidan xorijiy fuqarolarga ruxsat berish yuzasidan bildirilgan Haj va umra vazirligi bayonotida Umra ibodatiga keluvchilar uchun bir qancha shart va talablar belgilab qo‘yilgan.

Jumladan, unda umra ziyoratchisining yoshi 18 dan 50 yoshgacha bo‘lishi (Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi taklifiga ko‘ra), koronavirusdan holi ekanini isbotlovchi manfiy natijali PZR analizni taqdim etishi, ushbu analiz 72 soat ichida olingan bo‘lishi va ishonchli laboratoriyada amalga oshirilishi zarurligi, "Umra qildik" programmasi orqali (Ikki Haramga kirish uchun onlayn navbat) ro‘yxatdan o‘tib, o‘z onlayn tartibiga ko‘ra umra ibodatini ado etish, Masjidul Haromda namoz o‘qish, Masjidun Nabaviyni ziyorat qilish va Ravzai sharifda namoz o‘qish bilan bog‘liq rejali ishlar uchun oldindan buyurtma berish, Saudiya Arabistoniga yetib kelgandan so‘ng belgilangan mehmonxonada 3 kun karantinda bo‘lishi va boshqa shu kabi talablar belgilangan.

Shuningdek, Saudiya mutasaddi idoralari tomonidan epidemiologik holat bo‘yicha Umra ziyoratini tashkil etish uchun ruxsat etilgan davlatlar ro‘yxati alohida e’lon qilinishi qayd qilingan.

O‘z navbatida, Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan mazkur masalalar bo‘yicha belgilangan karantin talablari asosida Umra ziyoratini tashkil etish yuzasidan muzokaralar o‘tkazmoqda.

Qayd etilishicha, Umra safari bilan bog‘liq yakuniy qarorlar yuzasidan tez kunlarda rasmiy bayonot beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Haj Umra

Baholaganlar

90

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing