Norboyeva Sog‘liqni saqlash vazirini “razbor”ga chaqirdi. Ziddiyat keskinlashyapti (video)

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva va Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov o‘rtasidagi murosasiz va har safar qaltis tus olib borayotgan ziddiyatlar davom etmoqda. Vazir Alisher Shodmonov Senatning yalpi majlisiga yana kelmagan. Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov ham Senat majlisiga kelmadi. 

Xabaringiz bor, bugun, 28 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Tanzila Norboyeva yig‘ilishga yana Alisher Shodmonov kelmagan, parlament so‘roviga esa yuzaki ma’lumotnoma orqali javob bergani, Senat uni qaytarib yuborsa ham, deyarli katta o‘zgarish bo‘lmaganini tanqid qildi. Senat raisi so‘zida Shodmonov ikkinchi bor parlamentga chaqirilganda, kelmayotganini aytarkan, Vazirlar Mahkamasi vakillari oldiga qat’iy talablar qo‘ydi. 

“Tushuntirish xati bersin. Ikkinchi marotaba. Biz birinchi marta Sog‘liqni saqlash vaziriga bizni xatimiz bo‘yicha jazo bergandinglar. Ularga taalluqli emasdek bu masalalar. Mana hozir aytilgan ijtimoiy xodim masalasi Sog‘liqni saqlash tizimiga qarashli. Nima uchun Hukumatning oldiga shu masalalarni ko‘tarib chiqmaydi? Shularning tizimini “stavka”sini ko‘paytirish kerak. Yoki bo‘lmasa ijtimoiy xodim davlatimizda yetishmayapti, oliy ta’lim muassasalari “kvota”sini oshirsin. Yoki psixologlarni ko‘paytiraylik. Nima uchun shu masalalarni ko‘tarib chiqmayapti? Bularni tartibga chaqiradigan departament bormi? Bor-ku to‘g‘rimi? Kuratorlar bor, o‘zim qancha ishlaganman shu masalalarda. Hozir bu yo‘nalishda Bosh vazir o‘rinbosari yo‘q. Shuning uchun departament bu masalaga qattiqroq kirishishi kerak. Vazirlarni chaqirib, qattiqroq “razbor” qilinglar. Bo‘lmaydi bunaqada, Parlament so‘roviga nomiga xat, shunchaki ma’lumotnoma qilib kiritib yubordinglar. Undan keyin bu ma’lumotnomani qaytarib yubordik, keyin yana to‘g‘rilab berdinglar. To‘g‘rilaganda ham shuncha savollar bor. Hech qanday ish qilinmagan. Hozircha bu qarorni qabul qilamiz, lekin bu masalani hech qachon nazoratdan olmaymiz. Oxirigacha yetkazmaguncha qo‘ymaymiz. Borib kerak bo‘lsa Bosh vazirga ham aytaman. Bu masala bilan mutlaqo shug‘ullanmayapsizlar”, deydi Norboyeva Vazirlar Mahkamasi vakillariga yuzlanib. 

 

NORBOEVA VS SHODMONOV: ZIDDIYAT QACHON BOSHLANGANDI?

Ma’lumot o‘rnida, Senat raisi Tanzila Norboyeva va Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov o‘rtasidagi ziddiyatlar o‘tgan yilning dekabr oyida kurtak ochgan edi. Voqealar xronologiyasi quyidagicha edi: 

24 dekabr kuni Oliy Majlis Senati kengashining umumiy ovqatlanish korxonalari va ta’lim tizimida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga oid qonun hujjatlarining ijrosini o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan majlis bo‘lib o‘tdi. Unga taklif qilganiga qaramay, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ishtirok etmadi

Norboyeva ushbu yig‘ilishda, “Sog‘liqni saqlash tizimida ham sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish, aholiga tushuntirish, bu kabi salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha ishlar umuman qoniqarsiz. Shunga qaramay bugungi majlisga na Sog‘liqni saqlash vaziri keldi, na vazir o‘rinbosari. Odamlar, bolalar zaharlaversin, bularga farqi yo‘q. Manfaatdor idoraning ushbu masalaga munosabati shumi?!”, degan edi. 

25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida korrupsiya holatlari hamda ularni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov ishtirok etib, Shodmonovdan bir kun avval Senatda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishga nima sababdan bormaganini so‘radi

Shodmonov Abduvohidovning savoliga javob berarkan, “Hamma majlislarga borganman, lekin bunisiga taklif qilinmagan edim”, dedi. 

Ayni yig‘ilishda ishtirok etayotgan Senat vakili so‘z olib, yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyatining ishtirok etishini ta’minlash uchun 18 dekabr kuni vazirlikka rasmiy xat kiritilganini ma’lum qildi. 

Shundan so‘ng, 25 dekabr oqshomida Senat quyidagi bayonotni e’lon qildi:

“Majlisda sog‘liqni saqlash vazirining mazkur masala yuzasidan axborot berishi ko‘zda tutilgan bo‘lishiga qaramasdan, vazirlik rahbariyati Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining rasmiy xatini (18.12.2019 yildagi 09-17/2549-sonli xat) e’tiborsiz qoldirib, noma’lum sabablarga ko‘ra majlisda ishtirok etmadi.

Biroq, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ushbu holatni batafsil o‘rganmasdan, shu yil 25 dekabrda Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Senat Kengashining kengaytirilgan majlisida ishtirok etish uchun yozma taklif kelib tushmaganligini bildirgan.

Shu o‘rinda  ta’kidlash joizki, Oliy Majlis Senatining tegishli Qo‘mitasi xati 2019 yil 20 dekabr kuni feldaloqa xizmati orqali yetkazilgan va shu kuni soat 11:45 da Sog‘liqni saqlash vazirligining mas’ul xodimi  tomonidan qabul qilib olingan.

Sog‘liqni saqlash vazirining mazkur xatti-harakatlari va vazirlikdagi ijro intizomini kuchaytirish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligi yuzasidan Oliy Majlis Senati tomonidan Vazirlar Mahkamasiga tegishli xat yuborildi”.

Senat xatiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning kengaytirilgan majlisda ishtirok etmaganligi holati o‘rganib chiqildi. 

Sog‘liqni saqlash vaziriga vazirlikda ijro intizomi tizimli yo‘lga qo‘yilmaganligi hamda Oliy Majlis Senatining murojaatiga mas’uliyatsizlik bilan yondashilganligi ko‘rsatib o‘tildi. Sog‘liqni saqlash vazirligining ijro intizomi buzilishiga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlariga nisbatan intizomiy choralar ko‘rildi.

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ham Sog‘liqni saqlash vaziriga tish qayrab, Parlament so‘roviga vazir jo‘natgan javob deputatlarni qoniqtirmagani xususida bayonot bergandi
 


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Alisher Shodmonov

Baholaganlar

653

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing