Noqonuniy tarzda Umra tadbirlarini tashkil etgan turfirmalar javobgarlikka tortildi

3-sahifa

image

Noqonuniy tarzda Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati bilan shug‘ullanayotganlarga nisbatan tegishli tartibda choralar ko‘rilmoqda. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ibodat maqsadida Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgan, ammo Makka shahriga kiritilmagan, qolaversa, mehmonxonadan chiqarib yuborilgan hamda qaytish uchun aviachiptaga ega bo‘lmagan 93 nafar o‘zbekistonlik va tojikistonlik fuqarodan murojaat kelib tushgan.

Qayd etilishicha, ushbu ziyoratchilarning aksari “Yusro tour”, “Muslim travel”, “Meta travel”, “Elchi travel” tomonidan safarga yuborilgan. O‘zbekistonning Jidda shahridagi konsulxona tomonidan masala o‘rganilganda, ushbu ziyoratchilar nomidan mehmonxonaga to‘lov qilinmagani aniqlangan. Shu bilan birga, turfirmalarning Saudiyada joylashgan mehmonxonadan 35 ming AQSH dollar qarzi borligi ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda fuqarolarni o‘z yurtiga qaytarish masalasi ko‘rib chiqilgan.

Yana bir holatda Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi litsenziyaga ega bo‘lmagan “Ultra Parvoz” turfirmasi ham noqonuniy tarzda Umraga yuborish bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan. Qolaversa, Toshkent shahrida joylashgan “Yasin travel” turfirmasi noqonuniy ravishda 74 nafar fuqaroni Umraga yuborgan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Reyd tadbirlari davomida Namangan shahrida joylashgan “Atlas travel” turfirmasi orqali 30 nafar fuqaroni noqonuniy, litsenziyasiz Umra safariga yuborish uchun aviabilet va boshqa tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 31 ming 900 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olib, fuqarolarni joriy yilning 8 noyabr kuni Toshkent-Dubay-Jidda havo yo‘li orqali Saudiya Arabistoniga yuborganligi aniqlangan. Firma operatori fuqarolarning qaytish aviabiletlarini rasmiylashtirmasdan, 8 ming 900 AQSH dollari miqdoridagi pullarni o‘zining ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Qolaversa, Farg‘ona viloyatidagi  “Mahdiy Travel”, “Parvoz Ekspress” hamda “Muhayyo 22−10” turfirmalari ham fuqarolarga tegishli litsenziyasiz noqonuniy faoliyat ko‘rsatgan. Ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 oktyabr kuni “Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 300-sonli qarori qabul qilingandi. Unga ko‘ra, Umra ziyorati xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya sohasidagi qonunbuzarlik uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarima miqdori BHMning 200 baravari (75 million so‘m) etib belgilangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Umra Makka turfirmalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing