Nodira Qodirova ishi: Yaratgan sizning ham boshingizga shu kunni solsin

Jamiyat

image
Qo‘limizda hujjat bor! Qodirovaning o‘limi ortidagi sirlar ochilyapti north_east

Qo‘limizda hujjat bor! Qodirovaning o‘limi ortidagi sirlar ochilyapti

Turkiya Buyuk millat majlisida Oila, mehnat va ijtimoiy xizmatlar vazirligi tomonidan 2020 yil uchun taqdim etilgan Parlament rejasi va byudjet komissiyasi muzokaralarida joriy yilning 23 sentyabr kuni “Adolat va taraqqiyot” partiyasi deputati Shirin Unalning uyida vafot etgan o‘zbekistonlik 23 yashar Nodira Qodirova masalasi kun tartibiga chiqdi. 

“Xalq” demokratik partiyasi deputati Serpil Kamolbey o‘zbekistonlik xizmatchi Shirin Unalning uyida vafot etishiga qaramay, Unal komissiya majlisida ishtirok etayotganidan tashvishlanayotganini aytdi. Serpil Kamolbey mehnat qonunchiligi bo‘yicha Nodira Qodirovaning huquqlari qanchalik kafolatlanganligi va uning sug‘urtasi haqida so‘z ochdi. 

Shirin Unal XDP deputati Serpil Kamolbeyning gaplariga javoban shunday dedi: 

“Hurmatli deputat shaxsiy huquqlarimga tajovuz qilgani uchun uni keskin qoralayman. Konstitutsiyaga ko‘ra, prokuratura tergovi maxfiy amalga oshiriladi. Deputat meni va oilamni obro‘sizlantirishga harakat qildi. Bu masalada tergov davom etyapti. 

Men deputat o‘laroq daxlsizlik huquqimdan voz kechib, oila a’zolarim bilan politsiya va prokutura tergovida qatnashdik. Ayni vaqtda prokuraturaning bayonotini kutyapmiz. 

Men Nodiraga Yaratgandan rahmat, oilasiga sabr tilayman. Hozirgacha olgan ma’lumotlarimga ko‘ra, bu o‘z joniga qasd qilishdir. Unda shizofreniya alomatlari bor edi. Biz prokuratura qarorini kutyapmiz va unga bo‘ysunamiz. Yana shuni aytishni istaymanki, Yaratgan shunday voqeani sizning ham boshingizga solsin”. 

Shirin Unalning qarg‘ishi boshqa deputatlarning e’tiroziga sabab bo‘lgach, u gapirmay, kursisini egalladi. 

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda Nodira Qodirovaning vafoti yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda. Xonadon egasi Shirin Unal Nodira Qodirova o‘z joniga qasd qilganini ta’kidlamoqda. Qodirovaning akasi esa singlisi jinoyat qurboni bo‘lgani, unga ikki joyidan o‘q uzilgani, qolaversa, do‘pposlanganini aytmoqda. 

“Dafn marosimidan avval singlimni yuvintirdilar. O‘sha vaqt ko‘rganlarimga ishongim kelmayapti. Menga faqat o‘z joniga qasd qildi, tanasida bir dona o‘q izi bor deyishgandi. Ammo ular ikkita. Chap ko‘kragining ustida bir o‘q izi bor. Bel qismining orqasi, buyrak sohasiga ham o‘q uzilgan. Umumiy hisobda ikki marta o‘q uzilgan. O‘q otilgan qismlarni esa tikishgan. 

Temir yoki to‘pponchaning orqa tarafi bilan urishganmi, bilmadim, ammo singlimning bo‘yin sohasi ensa qismida ham zarba izlari bor edi.

Singlimning chap ko‘zi, qolaversa, tanasining boshqa qismlari ham ko‘kargandi. Ya’ni singlimni vahshiylarcha do‘pposlashgan. Singlimning jasadini ko‘rgan ayollarning aytishicha, uning tanasini bo‘g‘zidan to pastgacha vahshiylarcha yirtishgan. Barcha ichki a’zolarini olib tashlashgan. Singlimning ichi bo‘m bo‘sh edi”, deydi Nodira Qodirovaning akasi Muhammadali Qodirov.

Turkiya Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu esa bu holat na “Adolat va taraqqiyot” partiyasi va na deputat Shirin Unalning bosimi ostida o‘rganilmasligi, ishni shaxsiy nazoratiga olganini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Nodira Qodirova

Baholaganlar

549

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing