Nobel mukofotining eng keksa sohibi vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
27 iyun 2023
5196Lityum-ion batareya asoschisi, Nobel mukofoti sovrindori, olim Jon Gudenof 100 yoshda vafot etdi. Bu haqda “Thye Guardian” nashri xabar berdi.
Olim 2019 yilda uyali telefonlar va kompyuterlardan tortib yurak stimulyatori va elektromobillargacha bo‘lgan qurilmalar uchun qayta zaryadlanuvchi quvvat bilan texnologiyani o‘zgartirgan lityum-ion batareyani yaratganligi uchun kimyo bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan. U mukofotni amerikalik olim M. Stenli Uittingem va yaponiyalik Akira Yoshino bilan birgalikda qo‘lga kiritgan.
"Ushbu qayta zaryadlanuvchi batareya mobil telefonlar va noutbuklar kabi simsiz elektronikaning asosini yaratdi. Bu, shuningdek, qazilma yoqilg‘idan holi dunyoni yaratish imkonini beradi, chunki u elektromobillarni quvvatlantirishdan tortib, qayta tiklanadigan manbalardan energiya olishgacha ishlatiladi”, degan edi Shvetsiya Qirollik Fanlar Akademiyasi mukofotni topshirish marosimida.
Gudenof Ostindagi Texas universitetida 37 yil davomida fakultet a’zosi bo‘lgan. So‘nggi yillarda Gudenof va uning universitet jamoasi energiyani saqlashning yangi yo‘nalishlarini, shu jumladan, qattiq holatdagi elektrolitlar va lityum yoki natriy metall elektrodlari bo‘lgan “shisha” batareyani o‘rganayotgan edi.
“U o‘nlab yillik karerasi davomida ilmiy tadqiqotlarda yetakchi bo‘lib keldi”, dedi universitet prezidenti Jey Xartzell.
Ma’lumot uchun, Gudenof Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan eng keksa odam edi.
Sevara Husniddinova
LiveBarchasi