Nima uchun muzqaymoq miyani “muzlatib qo‘yishi” ma’lum bo‘ldi
Bu qiziq
−
15 avgust 2171 2 daqiqa
Yaxna ichimlikdan katta xo‘plam yutilganda yoki bir qoshiq muzqaymoq yeyilganda ko‘pchilikda paydo bo‘ladigan to‘satdan va o‘tkir bosh og‘rig‘i – “miyaning muzlashi” deb atalaluvchi hodisa aslida miyaning o‘zida yuz bermaydi. Bu jarayonni “Johns Hopkins Medicine” mutaxassislari tushuntirib berdi.
Qayd etilishicha, juda sovuq yegulik tanglayga tekkanda, og‘iz bo‘shlig‘idagi harorat keskin tushib ketadi va qon tomirlari torayadi – bu tana issiqligini saqlab qolishga yordam beradigan himoya refleksidir. Keyinchalik tomirlar qaytadan jadal kengayadi va bu uch shoxli nerv orqali og‘riq signalini yuboradi. Ushbu nervning yuqori tarmog‘i esa peshona sohasidan o‘tgan bo‘ladi.
Shu sababli og‘riq manbai tanglaydagi tomirlar va mushaklar bo‘lsa-da, u peshonada his qilinadi. Bu “aks etuvchi og‘riq” deb atalaluvchi hodisaga misol bo‘lib, unda noxush tuyg‘u nerv yo‘nalishi bo‘ylab boshqa joyga uradi.
Jons Hopkins universiteti otolaringologiya dotsenti Voytek Midlarjning aytishicha, “miyaning muzlashi” qisqa muddatli bo‘lib, 98 foiz odamlarda u besh daqiqadan kamroq vaqt ichida o‘tib ketadi.
Ahvolni yengillashtirish uchun mutaxassislar sovuq narsani og‘izdan chiqarishni, tilni yoki bosh barmoqni tanglayga bosib turishni hamda iliq suv ichishni tavsiya qiladi. Sovuq yeguliklarni esa kichik porsiyalarda yegan ma’qul. Og‘riq qoldiruvchi dorilar odatda talab etilmaydi – og‘riq ular ta’sir ko‘rsatishga ulgurmasidan oldin o‘tib ketadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq doimiy moliyaviy qiyinchiliklar 53 yoshga borib fikrlash tezligining pasayishiga va xotira susayishiga olib kelishi haqida xabar berilgan edi.