O‘zbekistonda sotilayotgan 6 xil muzqaymoq tarkibida bakteriyalar aniqlandi
Jamiyat
−
10 Sentabr
11160O‘zbekistonda sotilayotgan 6 xil turdagi muzqaymoq tarkibida ichak tayoqchasi guruhidagi bakteriyalar borligi aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida nazorat xaridi tadbiri o‘tkazilgan. Unda “Hasanboy va Xolod” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan qadog‘ida shakarsiz deb ko‘rsatilgan “Xottabich” nomli muzqaymoqning 7 ta turi xarid qilingan va belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan uchta laboratoriyaga topshirilgan.
Prezident Administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasining tasarrufidagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi laboratoriyasining xulosasiga ko‘ra, muzqaymoq qadog‘ida shakarsiz deb ko‘rsatilgan “Xottabich” nomli muzqaymoqning “Eskimo”, “Bananli”, “Fistashkali”, “Shokoladli”, “Olxo‘ri mevali” va “Plombir” turlari tarkibida ichak tayoqchasi guruhidagi bakteriyalar aniqlanganligi sababli bakteriologik ko‘rsatkichlari bo‘yicha sanitariya talablariga nomuvofiq deb topilgan.
“Texnostandart Neo” MCHJning akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, qadog‘ida shakarsiz deb ko‘rsatilgan “Xottabich” nomli muzqaymoqning “Eskimo”, “Bananli”, “Fistashkali”, “Shokoladli” kabi turdagi mahsulotlar tarkibida shakar miqdori belgilangan me’yorlardan ikki barobarga ko‘pligi ya’ni, belgilangan me’yor 14,5 - 17,5 foiz o‘rniga 37,7-38,1 foiz ekanligi ma’lum bo‘ldi, “Olma mevali” plombir mahsulotida esa aksincha saxaroza miqdori me’yordan kamligi aniqlangan.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining mahsulot markirovkasi (qadog‘i) bo‘yicha bergan xulosasiga ko‘ra, muzqaymoqning “Eskimo”, “Bananli”, “Fistashkali”, “Shokoladli”, “Olxo‘ri mevali”, “Olma mevali” va “Plombir” kabi turdagi mahsulotlarda iste’molchiga tegishli bo‘lgan 10 ga yaqin zarur ma’lumotlar taqdim etilmagan.
Mazkur holatda MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan muzqaymoqning “Eskimo”, “Bananli”, “Fistashkali”, “Shokoladli”, “Olxo‘ri mevali”, “Olma mevali”va “Plombir” kabi turdagi mahsulotlari tarkibi hamda Oziq-ovqat mahsulotini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament talablariga nomuvofiqligi aniqlangan.
Shuningdek, o‘rganish davomida ushbu muzqaymoqlarning qadog‘ida “Muzqaymoqni iste’mol qilish vazningizni kamaytirishda, immunitetni oshirish va stressdan chiqishda yordam beradi, shuningdek, yaxshi kayfiyat taqdim etadi” degan ma’nodagi yozuvlarini tasdiqlovchi hech qanday xulosalar mavjud emasligi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ko‘chada antisanitar holatda sotilayotgan muzqaymoqlarda stafilokokk bakteriyasi bo‘lishi mumkinligi haqida aholini ogohlantirgandi.
LiveBarchasi