Aholi muzqaymoq iste’molidan ogohlantirildi

Jamiyat

image

Ko‘cha-ko‘ylarda, belgilanmagan joylarda sotilayotgan muzqaymoqlar, ayniqsa frezerli uskunalarda tayyorlangan muzqaymoqlarni (quyma) xarid qilmaslik lozim. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi aholini ogohlikka chaqirdi.

Xabarga ko‘ra, muzqaymoqlar Vazirlar Mahkamasining 407-sonli “Yuridik va jismoniy shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazishni hamda ular tomonidan savdo faoliyati amalga oshirilishini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan tartibda mahalliy hokimliklar tomonidan ajratilgan turg‘un va ko‘chma savdo nuqtalarida sotilishiga ruxsat etiladi. Yumshoq (frezerli) muzqaymoqlar faqat turg‘un savdo nuqtalarida sotilishi shart.

Bildirilishicha, bunday holatda sotilmagan muzqaymoqlarni yeyish oqibatida ovqatdan zaharlanishlar, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari kelib chiqishi mumkin.

Qo‘mita salomatlik uchun quyidagilarga rioya qilishga chaqirgan:

  • muzqaymoqlar sifati va xavfsizligini kafolatlovchi hujjatlari mavjud bo‘lganida savdo qilinishi, qadoqlangan muzqaymoqlar talab etilgan haroratda muzlatkichlarda saqlanishi shart;
  • muzqaymoqlarni xarid qilishda ularni saqlash sharoiti, qadog‘i va undagi iste’mol muddatiga doimo e’tibor berish kerak;
  • muzqaymoq sotuvchilar Sog‘liqni saqlash vazirligining 200-sonli buyrug‘i asosida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va maxsus kiyim bilan ta’minlanishlari shart.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Andijon muzqaymog‘i” nomi bilan sotilayotgan muzqaymoqlarni iste’mol qilish hayot uchun o‘ta xavfli hisoblanishi haqida xabar berilgan edi. Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologiya boshqarmasiga ko‘ra, “Andijon muzqaymog‘i”ning qachon, qayerda, qay sharoitda va qanday mahsulotdan tayyorlangani haqida hech qanday ma’lumotlar mavjud emas. Hattoki, qadoqlarda mahsulotni qanday sharoitda va qancha muddatgacha saqlash mumkinligi ham keltirib o‘tilmagan. Shu sababdan ham ushbu mahsulotni iste’mol qilish hayot uchun o‘ta xavflidir.


Maqola muallifi

Teglar

muzqaymoq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing