Yo‘llarda sotilayotgan muzqaymoqda bakteriya aniqlandi
Jamiyat
−
30 iyul
6233Ko‘chada antisanitar holatda sotilayotgan muzqaymoqlarda stafilokokk bakteriyasi bo‘lishi mumkin. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi aholini ogohlantirdi.
Ma’lum qilinishicha, muzqaymoq asosan sut mahsulotidan tayyorlanishi sababli tez o‘zgaruvchanlik xususiyatiga ega. Shu bois uni doim sovuq haroratda saqlash talab etiladi. Agar issiqlik ta’sirida muzqaymoq erisa, qaytadan muzlatib, iste’mol qilish mumkin emas. Chunki jarayon davomida muzqaymoqning tarkibi o‘zgarib, bakteriyalarni o‘ziga jalb qilish xususiyati ortadi.
Shuningdek, bugungi kunda ko‘chada ruxsat etilmagan idishlarda muzqaymoq sotish holatlari ko‘p kuzatilayotgani ham aytib o‘tilgan.
“Bugungi kunda yo‘l-yo‘lakay sotilayotgan muzqaymoqlar ko‘paydi. Oxirgi paytlarda ana shu mahsulotlardan iste’molchilarning zaharlanish holatlari yuzaga kelmoqda. Ko‘cha-ko‘yda sotilayotgan muzqaymoq solingan aksariyat idishlar bugungi kunda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Bunday plastik idishlarni esa kimyoviy usulda zararsizlantirish imkoniyati ham mavjud emas”, deyiladi xabarda.
Qo‘mita tomonidan olib borilgan nazorat reyd tadbirlari davomida ko‘chada sotilayotgan muzqaymoq mahsulotlaridan nazorat tahlili olinganida ularning tarkibida stafilokokk bakteriyasi aniqlangan.
Stafilokokk ko‘p hollarda ikkilamchi infeksiyalarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Patogen stafilokokk tushgan sut va sut mahsulotlari: tort, muzqaymoq va boshqa oziq-ovqatlarni iste’mol qilinganda kishi zaharlanishi mumkin.
Qo‘mitaning qayd etishicha, yo‘l-yo‘lakay sotilayotgan muzqaymoqlarning qachon va qayerda, qanday sharoitda ishlab chiqarilgani, tarkibi, saqlash muddati hamda sharoiti to‘g‘risida hech qanday ma’lumot yo‘q. Shuningdek, bu mahsulotni sotayotgan sotuvchilar maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanmagan va ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tgani to‘g‘risida maxsus yuritiladigan daftari ham mavjud emas. Talabga ko‘ra, maishiy xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar, savdo shoxobchalari va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadigan xodimlar har olti oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishlari zarur.
“Muzqaymoq asab va oshqozon-ichak faoliyatining bir maromda kechishida foydali, ammo bu mahsulotni tayyorlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish juda zaruriy omildir. Avvalo sut mahsulotining qayerdan olib kelingan, veterinariya ekspertizasidan o‘tib, ma’lumotnomaga ega bo‘lganmi, shuningdek, epidemiologik vaziyati yaxshi sigirlardan olinganmi, shularga diqqat qaratish darkor”, deyilgan xabarda
Qo‘mita muzqaymoq tayyorlaganda zarur texnologik jarayonlarga amal qilish, shaxsiy gigiyena qoidalarini qat’iy bajarish kerakligini ham eslatib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sanepidemqo‘mita do‘konlarda qutisida “noodatiy” rasmi bor va kannabis ta’mli energetik ichimlik sotila boshlanganiga izoh bergandi.
LiveBarchasi