“Nikol xoin! Nikol ketishi kerak!” – Muxolifat Pashinyanning iste’fosini talab qilyapti
Olam
−
20 noyabr 2020
6611Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilayotgan muxolifat faollari bugun, 20 noyabr kuni tushdan keyin Yerevanning bir nechta markaziy ko‘chalarini to‘sib qo‘ydi. TASS muxbirining xabar berishicha, ayni paytda faollar Bagramyan va Mashtots markaziy ko‘chalarini hamda Kiyevyan va Myasnikyan ko‘chalarini to‘sib qo‘ygan.
“Nikol xoin! Nikol ketishi kerak!”, deb baqirmoqda Armaniston Bosh vazirining iste’fosini qo‘llab-quvvatlovchilar.
Xabarlarga ko‘ra, politsiyaning maxsus kuchlari muxolifat faollarini hibsga olishga kirishgan.
Armaniston muxolifati Bosh vazir Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilishi ortida joriy yilning 9 noyabr kuni Ozarbayjon va Rossiya Prezidentlari bilan imzolangan sulh yotibdi. Armaniston muxolifati Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida imzolagan qo‘shma bayonot aslida taslim bo‘lish haqida ekaniga ishonmoqda. Shuningdek, ular respublikaning ichki iqtisodiy va ijtimoiy muammolari sababchi sifatida Bosh vazirni ko‘rmoqda.
Pashinyanning ta’kidlashicha, Shusha shahri Ozarbayjon qo‘liga o‘tgandan so‘ng, Armaniston tomoni uchun kurash o‘z ma’nosini yo‘qotgan, chunki o‘sha paytdan boshlab Yerevan jangovar harakatlarda burilish nuqtasiga erisha olmadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Armaniston Prezidenti Armen Sarkisyan xalqqa murojaatida muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazishni va undan oldin vakolatlarni milliy kelishuv hukumatiga o‘tkazishni talab qildi.
Ma’lumot o‘rnida, 27 sentyabrda Tog‘li Qorabog‘da vaziyat yomonlashgandi, bahsli hududda faol janglar boshlangandi. Baku va Yerevan 1988 yil fevralidan boshlab Ozarbayjon SSR tarkibidan chiqqanligini e’lon qilganidan beri mintaqaga egalik qilish masalasida bahslashmoqda. 1992-1994 yillardagi qurolli to‘qnashuv paytida Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ va unga qo‘shni yetti viloyat ustidan nazoratni yo‘qotgandi.
9 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarning to‘liq to‘xtatilishi to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar. Hujjat, xususan, Rossiyadan tinchlikparvar kuchlarni mintaqaga joylashtirishni nazarda tutadi.
Tog‘li Qorabog‘da qariyb bir yarim oy davom etgan qurolli to‘qnashuvlarda 4 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, 8 mingdan ziyod kishi jarohatlandi.