Nigeriyada masjid portlatildi. O‘nga yaqin odam halok bo‘ldi (video)
Olam
−
25 dekabr 2506 2 daqiqa
Nigeriyaning shimoli-sharqidagi Mayduguri shahrida joylashgan masjidda sodir bo‘lgan portlash oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Mahalliy politsiya rahbari Babakura Koloning aytishicha, hodisa terrorchilik hujumi sifatida baholanmoqda, biroq hozircha hech bir qurolli guruh mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagan. Mayduguri – Borno shtati poytaxti bo‘lib, u uzoq yillardan beri “Boko Haram” va “G‘arbiy Afrikadagi Islomiy davlat” guruhlari bilan bog‘liq qo‘zg‘olon markazi hisoblanadi. Shunga qaramay, shahar so‘nggi yillarda yirik hujumlarga duch kelmagan edi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, portlash 24 dekabr kuni taxminan soat 18:00 da Gamboru bozori hududidagi odamlar bilan to‘la masjid ichida, shom namozi oldidan sodir bo‘lgan. Politsiya matbuot kotibi Nahum Daso portlash faktini tasdiqlab, voqea joyida bombani zararsizlantirish bo‘yicha mutaxassislar ishlayotganini bildirgan. Ayrim guvohlar hujumni o‘z joniga qasd qilgan shaxs amalga oshirganini aytmoqda. Jarohatlanganlar soni hozircha aniq emas, biroq u bir necha o‘n kishiga yetishi mumkin.
Nigeriyada 2009 yildan buyon davom etayotgan qo‘zg‘olon oqibatida kamida 40 ming kishi halok bo‘lgan, ikki millionga yaqin aholi shimoli-sharqiy hududlardan ko‘chishga majbur bo‘lgan. So‘nggi o‘n yillikda zo‘ravonliklar kamaygan bo‘lsa-da, ular Niger, Chad va Kamerunga ham tarqalgan. Ayrim hududlarda zo‘ravonliklarning qayta kuchayishi borasida xavotirlar saqlanib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Pensilvaniya shtati Filadelfiya shahri chekkasida joylashgan qariyalar uyida portlash va undan keyin yong‘in yuz bergandi. Sodir bo‘lgan favqulodda hodisa oqibatida qariyalar uyida yashovchi ikki kishi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi bedarak yo‘qolgan.