Nigerdagi isyonchilar yangi hukumat tuzdi

Olam

image

Nigerdagi isyonchilar yetakchisi, “Vatanni qutqarish milliy kengashi” raisi Abdurahmon Umar Chiani yangi hukumat tuzish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda “ActuNiger” axborot portali xabar berdi.

Hukumat tarkibiga 20 ta vazir – harbiylar va fuqarolar kiritilgan.

Vazirlar Mahkamasi rahbari Ali Lamin Zeyn Iqtisodiyot va moliya vaziri, “Vatanni qutqarish milliy kengashi” rahbarlaridan biri general-leytenant Salifu Modi Milliy mudofaa vaziri bo‘lgan. Brigada generali Moxamed Tumba Ichki ishlar, jamoat xavfsizligi va hududiy boshqaruv vaziri etib tayinlangan. 

Shuningdek, quyidagilar:

  • Adliya va inson huquqlari vaziri –  Alio Dauda;
  • Tashqi ishlar vaziri – Bakari Yau Sangare;
  • Neft-kon va energetika vaziri – Maxaman Mustafa Barke;
  • Savdo va sanoat vaziri – Seydu Asman:
  • Aloqa, pochta va raqamli iqtisodiyot vaziri – Sidi Moxamed Raliu;
  • Qishloq xo‘jaligi va chorvachilik vaziri – Maxaman Elxadj Usman;
  • Sog‘liqni saqlash, aholi va ijtimoiy masalalar vaziri – polkovnik Garba Xakimi;
  • Yoshlar va sport vaziri – polkovnik Abduraxaman Amadu;
  • Transport va texnika vaziri – polkovnik Salissu Maxaman Salissu;
  • Hunarmandchilik va turizm vaziri etib Gishen Agaychatu Atta tayinlangan.

Nigerdagi davlat to‘ntarishi 

Niger prezident gvardiyasining bir guruh harbiylari (keyinchalik ularga mamlakat Qurolli kuchlari qo‘mondonligi ham qo‘shildi) joriy yilning 26 iyul kuni Prezident Muhammad Bazumni qo‘lga oldi.

Prezident gvardiyasi boshlig‘i Abdurahmon Chiani o‘zini yangi davlat rahbari, deb e’lon qildi. U to‘ntarishni korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishga qarshi kurashish istagi bilan izohlagan.

Bazumning ag‘darilishi BMT, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqi tomonidan qoralangan. Parij Fransiya konstitutsiyaviy tuzumni tiklash va hokimiyatdan chetlatilgan Prezident Bazumni hokimiyatga qaytarishga qaratilgan barcha mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.

Shundan so‘ng, Nigerning hokimiyatdan chetlatilgan Prezidenti Muhammad Bazum esa AQSH va jahon hamjamiyatiga mamlakatda konstitutsiyaviy tuzumni tiklashga yordam berish iltimosi bilan murojaat qildi.

Joriy yilning 30 iyul kuni G‘arbiy Afrika Davlatlari Iqtisodiy Hamjamiyatining (ECOWAS) a’zolari Abujadagi sammitda Nigerdagi davlat to‘ntarishini qoralagan va isyonchilarga konstitutsiyaviy boshqaruvni tiklash uchun bir hafta muhlat bergandi. Agar talab bajarilmasa, kuch ishlatish bilan tahdid qilingandi. Keyinchalik Nigerning Parijdagi elchisi ECOWAS’ga a’zo davlatlar Nigerda harbiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi.

8 avgust kuni AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland Nigerga tashrif buyurib, mamlakat Prezidentini hokimiyatdan chetlatgan isyonchilar vakillari bilan uchrashgandi. Uning tashrifi muvaffaqiyatsiz bo‘lib, u Prezident Bazum bilan ham “Vatanni qutqarish milliy kengashi”ni boshqargan general Abdurahmon Chiani bilan uchrasha olmay ortiga qaytib ketgan.


Maqola muallifi

Teglar

yangi hukumat Niger isyonchilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing