Nigerdagi eng yirik aeroport hujumga uchradi. Qurbonlar bor
Olam
−
19 iyun 1920 2 daqiqa
Kecha, 19 iyun kuni Nigerdagi eng yirik aeroportga jangarilar tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Mahalliy aholiga ko‘ra, ertalab Niger poytaxti Niameydagi Diori Amani nomidagi xalqaro aeroport hududida portlash va otishma ovozlari eshitilgan. Niger Mudofaa vazirligining xabar berishicha, halok bo‘lganlar orasida 22 nafar jangari, 11 nafar harbiy xizmatchi va ikki nafar tinch aholi vakili bor. Hujum uchun javobgarlikni “Al-Qoida” bilan aloqador bo‘lgan JNIM guruhi o‘z zimmasiga olgan.
Vaziyat nazorat ostiga olingan va kuch tuzilmalari qolgan hujumchilarni qidirish bo‘yicha operatsiyani boshlab yuborgan.
“Biz namozni taxminan soat 05:50 da tugatdik va ko‘p o‘tmay xuddi biron narsa portlagandek qattiq gumburlash ovozini eshitdik. Nima bo‘layotganini faqat keyinroq tushundik”, deydi mahalliy turg‘un Lavalli Salxa.
Rasmiylarning bildirishicha, yo‘q qilingan 22 nafar jangaridan tashqari yana to‘rt nafari yaralangan, 20 nafar gumonlanuvchi esa qo‘lga olingan. Xavfsizlik kuchlari, shuningdek, katta miqdordagi qurol-yarog‘ arsenalini, jumladan, RPG-7 granatomyotlari, AK-47 avtomatlari, portlovchi moddalar, granatalar, aloqa vositalari va minglab patronlarni musodara qilgan.
Ba’zi mahalliy aholi vakillari ham hujumchilarni qidirishga qo‘shilgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, qurollangan fuqarolar gumonlanuvchi shaxslarni qo‘lga olishga urinib, yirik pichoq va tayoqlar bilan hududda patrullik qilgan. Aeroport hududi to‘liq qurshab olingan, xavfsizlik kuchlari esa kirayotgan va chiqayotgan barcha transport vositalarini tekshiruvdan o‘tkazgan.
Afrika ittifoqi komissiyasi raisi Mahmud Ali Yusuf hujumni keskin qoralagan va hujumni qaytarib, strategik ob’ektni himoya qilishga muvaffaq bo‘lgan Niger xavfsizlik kuchlarining harakatlarini yuqori baholagan.
Diori Amani nomidagi xalqaro aeroport fuqarolik aeroporti va harbiy baza funksiyalarini o‘zida birlashtirgan holda Nigerning eng muhim xavfsizlik ob’ektlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda Sahel davlatlari alyansi ob’ektlari ham joylashgan. So‘nggi haftalarda Niger rasmiylari aeroport yaqinidagi bir nechta mahallalarni buzib tashlagan va buni terrorchilik xavfini kamaytirish zarurati bilan izohlagan. Shuningdek, aeroportning qo‘riqlanadigan hududi kengaytirilgan va 350 dan ortiq kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mali armiyasi “Al-Qoida”ga aloqador JNIM terroristik guruhiga qarshi dron hujumlari uyushtirgandi. Dronlar San mintaqasidagi qabilalardan birining to‘y ziyofati o‘tayotgan joyga borib tushgan va oqibatda 10 nafar tinch aholi halok bo‘lgan.
Live
Barchasi