Neymar Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda maydonga tushadimi?
Sport
−
05 dekabr 2022
3860Braziliya terma jamoasi hujumchisi Neymar Qatarda bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionati 1/8 final bosqichi doirasida Janubiy Koreya termasiga qarshi o‘yinda ishtirok etishi mumkin. Bu haqda 5 dekabr kuni Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tite ma’lum qildi.
Neymar 24 noyabr kuni Serbiya terma jamoasiga qarshi guruh bosqichining 1-tur uchrashuvida (2:0) to‘pig‘idan jarohat olgan edi. Hujumchi Shveysariya (1:0) va Kamerun (0:1) terma jamoalari bilan guruh bosqichi o‘yinlarini o‘tkazib yubordi.
Neymar Janubiy Koreya termasiga qarshi o‘yinda ishtirok etadimi, degan savolga Tite "Ha" deb javob bergan.
Braziliya va Janubiy Koreya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bugun, 5 dekabr Dohadagi “974” stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.