Netanyaxuni hibsga olmagan Vengriya XJSdan chiqmoqchi
Olam
−
03 aprel
8317Vengriya Xalqaro jinoiy suddan (XJS) chiqadi. Bu haqda Vengriya Bosh vaziri ma’muriyati rahbari Gergey Guyyash ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tegishli qarorni Vengriya hukumati qabul qilgan. Guyyashning so‘zlariga ko‘ra, Vengriya konstitutsiyasi va xalqaro-huquqiy me’yorlarga muvofiq vakolatlarni to‘xtatish tartibi bugun, 3 aprel kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan boshlanadi.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban mamlakat nima sababdan XJSni tark etishga qaror qilganini aniqlashtirgan.
“XJSning so‘nggi qarorlari uning siyosiy qurolga aylanganini ko‘rsatmoqda. Vengriya Adliya vaziri sud bilan hamkorligimizni to‘xtatish uchun milliy parlamentga hujjatlarni taqdim etadi. Biz XJSni tark etamiz”, degan u.
Vengriya XJSdan chiqish to‘g‘risidagi qarorni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning mamlakatga tashrifi fonida qabul qilgan.
3 aprel kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu XJS buyrug‘iga qaramay Vengriyaga kelgandi.
2024 yil 21 noyabrda XJS Netanyaxu va Isroilning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni Isroil harbiylarining G‘azo sektoridagi harakatlari uchun hibsga olishga order berdi. O‘shanda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bu qadamni keskin qoralagan va Netanyaxuning Gaaga talabini e’tiborsiz qoldirib, uni Budapeshtga taklif qilishga va’da bergandi.
1 aprel kuni “Ozodlik” radiosining venger xizmati Vengriya Adliya vazirligi rahbari Bense Tujonga tayanib, Budapesht xorijiy diplomatlarni XJSdan chiqishi haqida xabardor qilganini ma’lum qildi. Jurnalistlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, butun jarayon bir yilgacha davom etishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Vengriya 2001 yilda XJS to‘g‘risidagi Rim statutini imzolagan.
LiveBarchasi