Netanyaxu Isroil Bosh prokuroridan o‘ziga qarshi tergov o‘tkazishni so‘radi
Olam
−
12 Sentabr
5721Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat Bosh prokurori Gali Baharav-Miaradan Xalqaro jinoiy sud (XJS) hibsga olmasligi uchun unga va mamlakat Mudofaa vaziri Yoav Galantga nisbatan tergov boshlash va keyinroq uni yakunlashni so‘radi. Bu haqda Isroil televideniyesi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu tashabbus hukumat rahbari ko‘rsatmasi bilan mamlakat Adliya vaziri Yariv Levin tomonidan taklif etilgan. Tekshiruv natijalari to‘g‘risidagi XJSga yuboriladigan ma’lumotlarda Isroil G‘azodagi HAMAS harakatiga qarshi “harbiy operatsiya” o‘tkazish holatlarini o‘zi tekshirgani haqida xabar berilgan bo‘lishi kerak. Shunday vaziyatda xalqaro institutning vaziyatga aralashuvi talab qilinmaydi.
Telekanalga ko‘ra, Isroil Bosh prokurori bunday tekshiruv o‘tkazishdan bosh tortgan. Uning fikricha, ushbu harakatlar XJSni qoniqtirmaydi. Maxsus tuzilgan Isroil davlat komissiyasi HAMAS hujumi va G‘azodagi “harbiy operatsiya”ni tekshirishi zarur. Chunki, u ko‘proq mustaqillik va kengroq vakolatlarga ega bo‘ladi. Lekin, Netanyaxu bu tergov uning iste’foga chiqishiga olib kelishi sababli uning o‘tkazilishiga qarshi chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro jinoiy sud Bosh prokurori Karim Xon Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, Mudofaa vaziri Yoav Galant va HAMAS yetakchilari Yahyo Sinvar va Muhammad Deyfni (uning o‘limi haqida rasmiy xabar berilgan) zudlik bilan hibsga olish uchun order berishni so‘ragan edi.