Netanyaxu G‘azoga yangi hujum boshlashini e’lon qildi

Olam

image

Kecha, 10 avgust kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoriga tez orada yangi hujumni boshlanishini e’lon qilib, uni “nisbatan tez” yakunlashni rejalashtirayotganini aytdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Netanyaxuning bildirishicha, Isroilda “ishni tugatish” va garovga olinganlarni ozod etish uchun HAMASni yengishdan boshqa iloji yo‘q. Yangi hujum HAMASning qolgan ikki tayanch nuqtasini yo‘q qilishga qaratilgan.

Hujum qachon boshlanishi hozircha noma’lum, biroq Isroil Bosh vaziri bu uchun “juda qisqa muddat” belgilanganini aytgan.

“Avvalo, biz xavfsiz hududlarni yaratishni istaymiz, shunda G‘azo shahrining tinch aholisi u yerni tark etishi mumkin bo‘ladi”, deydi u.

Netanyaxu, shuningdek, uning maqsadi G‘azoni bosib olish emasligini bildirgan.

“Biz chegaramiz yaqinida xavfsizlik kamari bo‘lishini istaymiz, lekin G‘azoda qolishni xohlamaymiz”, degan u.

Qayd etish joiz, kecha, 10 avgust oqshomida anklavning eng zich aholi yashaydigan markazi – G‘azo shahri Isroil havo hujumlariga uchradi. Kamida 5 kishi halok bo‘ldi. Falastin ommaviy axborot vositalari raketa shifoxona yaqinidagi jurnalistlar chodiriga tushganini xabar qildi. Shifoxona rahbari Muhammad Abu Salamiya esa “Al Jazeera” telekanaliga u yerda 7 kishi halok bo‘lganini aytgan. Telekanal matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hujumda 5 nafar xodim, jumladan, jurnalistlar Anas al-Sharif va Muhammad Kreyke, shuningdek, 3 nafar fotomuxbir vafot etgan.

Isroil harbiylari ash-Sharifni HAMASning o‘zini jurnalist sifatida ko‘rsatgan guruh rahbari bo‘lganini, bu esa G‘azoda topilgan razvedka ma’lumotlari va hujjatlar bilan tasdiqlanganini iddao qilmoqda. Biroq huquq himoyachilari u G‘azo urushi bo‘yicha front chizig‘idan olib borgan reportajlari sabab hujumga uchraganini aytmoqda.

Eslatib ztamiz, joriy yilning 8 avgustga o‘tar kechasi Isroil hukumati HAMAS harakatini “mag‘lubiyatga uchratish” va G‘azo shahri ustidan nazorat o‘rnatish rejasini ma’qullagandi. Bu qaror Isroilning yuqori martabali amaldorlarining tungi uchrashuvidan so‘ng – urushni to‘xtatish bo‘yicha xalqaro chaqiriqlar kuchayib borayotganiga va HAMAS tomonidan garovga olinganlar taqdiridan qo‘rqqan ko‘plab isroilliklarning noroziliklariga qaramay qabul qilingan.

Shundan so‘ng, dastlab Isroil muxolifati hukumatning ushbu rejasini keskin tanqid qildi. Xususan, muxolifat yetakchisi Yair Lapid Vazirlar Mahkamasining G‘azoni egallash haqidagi qarori “ko‘plab boshqa muammolarga olib kelishi”ni aytdi.

Keyinroq esa ushbu qaror ortidan Germaniya “keyingi xabargacha” Isroilga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatdi. Biroq Germaniyaning Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) partiyasidan bir qator deputatlar  Germaniya kansleri Fridrix Mersning ushbu qarorini keskin tanqid qildi.

Joriy yilning 9 avgust kuni esa Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Yangi Zelandiya Isroil hukumatining G‘azo shahrini nazoratga olishni ko‘zda tutuvchi yangi hujum amaliyotini boshlash qarorini qoralab, qo‘shma bayonot bilan chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing