Nega xotira yosh o‘tgani sari yomonlashib borishi ma’lum bo‘ldi
Bu qiziq
−
05 sentabr 2041 2 daqiqa
Olimlar yosh o‘tgan sari xotiraning yomonlashib borishi shunchaki unutuvchanlik tufayli emas, balki miya alohida voqealarni aniq “qayta jonlantirishni” to‘xtatib, ularni bir-birini qoplaydigan umumiy kategoriyalarga aralashtirib yuborishi sababli yuz berishini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot “Cerebral Cortex” (CC) jurnalida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, epizodik xotiralarni – muayyan voqea-hodisalar haqidagi xotiralarni saqlash uchun gippokamp javob beradi. Biror narsani yodga olganimizda, u eslab qolish vaqtida hosil bo‘lgan asab bog‘lanishlari (neyron zanjirlari) sxemalarini qayta faollashtiradi. Olimlar keksa odamlarda xotiralarning xiralashishiga aynan ushbu “qayta jonlantirish” jarayonidagi uzilishlar sabab bo‘ladi, degan taxminni ilgari surmoqda.
Bingxemton universitetidan Ian Makdono rahbarligidagi tadqiqotchilar uch xil yosh toifasidagi 61 nafar ko‘ngillini taklif qilgan: 17 nafar yoshlar (18–30 yosh), 21 nafar o‘rta yoshlilar (50–60 yosh) va 23 nafar keksalar (61–74 yosh). Ishtirokchilar juft qilib ko‘rsatilgan yuzlarni eslab qolgan. Bu vaqtda ularning miyasi o‘rganish, dam olish va esga tushirish bosqichlarida funksional MRT usuli orqali skaner qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, yoshlarda neyron sxemalarining mos kelishi javobning aniqligini ko‘rsatgan bo‘lsa, keksalarda aksincha, kategoriyalar darajasidagi xatoliklarga olib kelgan: miya umumiy turni “tanigan”, ammo detallarni adashtirib yuborgan. Oqibatda yoshlar juftliklarni 36 foiz holatda to‘g‘ri aniqlagan bo‘lsa, keksalarda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 20 foizni tashkil etgan. Miya ishidagi farqlar yosh bilan bog‘liq xotira pasayishining taxminan 30 foizini izohlagan.
Mualliflarning so‘zlariga ko‘ra, gap xotiraning “o‘chib ketishida” emas, balki miya detallarni yo‘qotib, ularni umumlashgan holda saqlay boshlashida. Ushbu mexanizmni tushunish keksalikda xotira aniqligini ushlab turish usullarini, masalan miyani o‘xshash voqealarni yaxshiroq farqlashga o‘rgatadigan mashg‘ulotlarni ishlab chiqishga yordam berishi mumkin.
Mualliflar tajribani umumlashtirishning o‘zi nuqson emasligini bildirgan: ko‘plab voqealardan umumiy qoidani ajratib olish qobiliyati qaror qabul qilishga yordam beradi. Muammo faqat shundaki, yosh o‘tishi bilan muvozanat xiralashgan kategoriyalar tomoniga suriladi va konkret detallar yo‘qoladi. Olimlar yangi ma’lumotlar xotiraning normal yoshga oid “umumlashishini” demensiyaning ilk belgilaridan farqlashga yordam beradi, deb umid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq doimiy moliyaviy qiyinchiliklar 53 yoshga borib fikrlash tezligining pasayishiga va xotira susayishiga olib kelishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi