Merkuriy kutilganidan tezroq kichraymoqda – tadqiqot

Bu qiziq

image

Merkuriy sayyorasi avvalgi hisob-kitoblarga qaraganda 30 foizga ko‘proq qisqarayotgan bo‘lishi mumkin. Olimlar sayyora diametri 23 kilometrgacha kichrayganini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot “Associated Press”da e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, tadqiqot Germaniya Aerokosmik markazi Kosmik tadqiqotlar instituti olimlari tomonidan o‘tkazilgan.

Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, Merkuriy yuzasining meteoritlar zarbasi natijasida doimiy ravishda o‘zgarib turishi sayyoraning haqiqiy qisqarish darajasini yashirgan bo‘lishi mumkin.

Merkuriy Quyosh tizimidagi eng kichik va Quyoshga eng yaqin sayyora hisoblanadi. Uning diametri qariyb 4 ming 900 kilometrni tashkil etadi. Sayyora shakllanganidan beri, ya’ni taxminan 4,5 milliard yil davomida kichrayib kelmoqda.

Qayd etilishicha, bunga Merkuriy ichki qismining sovishi sabab bo‘lmoqda. Sayyoraning nisbatan katta temir yadrosi sovigan sari qisqaradi, bu esa mantiya va yer po‘stining siqilishiga olib keladi. Natijada uning yuzasida burishishlar va yoriqlar paydo bo‘ladi.

Olimlar Merkuriydagi geologik xaritalarni sayyora yuzasining yangilangan xaritalari bilan taqqoslab, eng notekis hududlarda qisqarish belgilarining kamroq ekanini aniqlagan. Tadqiqotchilar ayrim burishishlar meteoritlarning urilishi oqibatida hosil bo‘lgan qoldiqlar ostida qolib ketganini taxmin qilmoqda.

Tadqiqot muallifi Gaku Nishiyamaning aytishicha, yangi hisob-kitoblar Merkuriy evolyutsiyasini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Ayni paytda Yevropa va Yaponiya tomonidan yuborilgan BepiColombo kosmik apparatlari Merkuriy tomon parvoz qilmoqda. Ular noyabr oyida sayyora orbitasiga kirishi va Merkuriy qisqarishining aniq darajasini o‘rganishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, Merkuriy Quyosh tizimidagi eng kichik sayyora hisoblanadi. U Quyoshni 88 kunda bir marta aylanib chiqadi. Sayyoraning bir kuni esa taxminan 59 Yer kuniga teng. Merkuriyda atmosfera juda yupqa bo‘lgani sababli uning yuzasida kunduzi harorat 430 darajagacha ko‘tarilsa, kechasi minus 180 darajagacha tushishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yerning aylanish tezligi o‘zgarib borayotgani sababli jahon vaqti Yerning aylanishiga bog‘liq bo‘lmagan tizimga o‘tkazilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing