Global falokat yuz berganda yashab qolish uchun eng xavfsiz davlat qaysi?

Olam

image

Global falokat yuz bergan taqdirda insoniyat omon qolishi uchun eng qulay mamlakat Avstraliya deb topildi. Bu haqdagi tadqiqot “Global chellenges” saytida e’lon qilindi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, xalqaro olimlar guruhi vulqon otilishi, yadroviy urush, asteroid to‘qnashuvi, global pandemiya yoki infratuzilmaning izdan chiqishi kabi keng ko‘lamli falokatlar yuz berganda qaysi mamlakatlarda yashab qolish imkoniyati yuqoriroq ekanini o‘rgandi.

Tadqiqotda global xavflar uch asosiy toifaga ajratilgan. Birinchisi – quyosh nurining keskin kamayishi. Bunday holat vulqon otilishi, yadroviy urush yoki asteroid qulashi oqibatida yuzaga kelishi va iqlimning sovishiga, hosildorlikning pasayishiga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, elektr ta’minotining uzoq muddatga uzilishi ham jiddiy xavf sifatida baholangan. Bunga yadroviy portlash, kuchli geomagnit bo‘ron yoki global kiberhujum sabab bo‘lishi mumkin. Energetikaga bog‘liq ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligining izdan chiqishi oziq-ovqat tanqisligini keltirib chiqarishi ehtimoli bor.

Bundan tashqari, global biologik xavflar, jumladan, o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning tarqalishi ham o‘rganilgan. Bunday pandemiyalar sog‘liqni saqlash tizimiga bosimni oshirib, ishchi kuchi kamayishi sababli oziq-ovqat ta’minotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Olimlar mamlakatlarning bunday inqirozlardan keyin tiklanish qobiliyatini ham baholagan. Bunda davlat institutlarining mustahkamligi, iqtisodiy farovonlik, ijtimoiy tenglik, sanoat va qishloq xo‘jaligining rivojlanganligi, geografik izolyatsiya, iqtisodiyotning xilma-xilligi hamda tashqi savdoga qaramlik darajasi hisobga olingan.

Natijada Avstraliya global falokatlarga eng chidamli mamlakat sifatida qayd etildi. Uning asosiy ustunliklari geografik jihatdan uzoqda joylashgani, rivojlangan qishloq xo‘jaligi va sanoat salohiyatiga egaligi bilan izohlangan. Biroq Avstraliya ham mutlaq xavfsiz hudud emas. Mamlakat yoqilg‘i, dori-darmon va o‘g‘itlarning ayrim turlarini import qilishga qaram.

Tadqiqotchilar, shuningdek, Yangi Zelandiya, Yaponiya, Shveysariya va Argentinani ham yuqori darajadagi barqarorlikka ega davlatlar qatoriga kiritgan. Shu bilan birga, ularning ayrimlari yuqori seysmik faollik hududida joylashgani va uzun sohil chizig‘iga egaligi sababli sunami kabi xavflarga duch kelishi mumkin.

Olimlarning fikricha, bunday mamlakatlar kelajakda global falokatlar yuz berganda oziq-ovqat va urug‘lik zaxiralarini saqlash, shuningdek, xalqaro yordam va favqulodda vaziyatlarga javob qaytarish markazlariga aylanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Islandiya, Yangi Zelandiya, Shveysariya, Sloveniya va Irlandiya dunyodagi eng xavfsiz 5 ta davlat deb tan olingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing