Bosh suyagi ichida yashirin yangi “a’zo” aniqlandi
Bu qiziq
−
20 avgust 7330 2 daqiqa
Sent-Luisdagi Vashington universiteti Tibbiyot maktabi biologlari sichqonlarning bosh suyagi ichida ilgari ma’lum bo‘lmagan immun tuzilmalarini topdi. Tadqiqotchilarning taxmin qilishicha, bunday “a’zo” insonda ham mavjud bo‘lishi va immunitet tizimiga bosh miya o‘simtalarini aniqlash hamda ularga hujum qilishga yordam berishi mumkin. Bu haqdagi tadqiqot natijalari “Nature” jurnalida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, olimlar sichqonlar bosh suyagining iligida ajoyib tuzilmalarni payqab qolgan. Ular immun B-hujayralari “ta’lim oladigan” va muayyan xavf-xatarlarga qarshi himoya ishlab chiqarishni boshlaydigan limfa tizimining hududlariga o‘xshash bo‘lib chiqqan.
Ushbu kashfiyot ayni shu ilmiy guruhning avvalgi tadqiqotlari sharofati bilan amalga oshgan. Oldinroq ular miya to‘qimalaridan qattiq miya pardasi orqali bevosita bosh suyagiga o‘tadigan kichik kanallarni topgan. Yangi tadqiqotda fluoressent markerlar yordamida ular molekulalarning ushbu kanallar bo‘ylab harakatini kuzatib borishdi va miyaning suyak iligidagi immun tuzilmalari bilan bog‘liqligini aniqlagan.
Tadqiqotchilar aniqlangan bu tuzilmalarni “lokallashgan limfoid tuzilmalar” deb atagan. Ularning joylashuvi juda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin: immun hujayralari bevosita miyaning yonida joylashgan va unda sodir bo‘layotgan patologik jarayonlarga tezkorlik bilan munosabat bildirishga qodir.
Tuzilmalarning rolini tekshirib ko‘rish uchun olimlar glioma (bosh miyaning xavfli o‘simtasi) bilan kasallangan sichqonlarda tajriba o‘tkazgan. Aniqlangan immun tuzilmalarining faolligi bostirilganda, o‘simtalar tezroq rivojlangan va hayvonlarning umr ko‘rish davomiyligi qisqargan. Aksincha, ushbu tuzilmalarni uchta immunofaol oqsil yordamida rag‘batlantirish o‘simtaga qarshi javobni kuchaytirgan va sichqonlarning yashovchanligini oshirgan.
Hozircha olimlar xuddi shunday tizim insonda ham mavjud deb aniq ayta olgani yo‘q. Biroq avvalroq odam bosh suyagining iligida follikulyar T-hujayralar aniqlangan, bu esa shunga o‘xshash immun tuzilmalarining mavjudligiga ishora qilishi mumkin. Agar bu mexanizmning odamlarda borligi tasdiqlansa, ushbu kashfiyot to‘qimalarga bevosita aralashmasdan miya kasalliklarini davolashda yangi yondashuvga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq doimiy moliyaviy qiyinchiliklar 53 yoshga borib fikrlash tezligining pasayishiga va xotira susayishiga olib kelishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi