Nega eronlik futbolchilar Angliya bilan o‘yin oldidan davlat madhiyasini aytmadi?
Sport
−
22 noyabr 2022
13577Eronlik futbolchilar Qatarda bo‘lib o‘tayotgan JCH-2022 dagi ilk o‘yin oldidan mamlakat madhiyasini aytishdan bosh tortdi.
Futbolchilar bu ishlari bilan ikki oydan beri mamlakatdagi norozilik namoyishlarini qattiq bostirib kelayotgan Eron rasmiylariga norozilik bildirdi.
Jamoa sardori Alirizo Jahonbaxsh o‘yin boshlanishidan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida madhiyani aytmaslik qarorini jamoaning barcha futbolchilari birgalikda qabul qilganini aytdi.
Stadiondagi ba’zi muxlislar madhiya paytida norozi ohangda hushtak chaldilar. Angliyaga qarshi bahsga eronlik ishqibozlar “Eron ozodligi” va “Ayol, hayot, erkinlik” kabi bannerlar bilan kelganlarini ko‘rish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Eronda norozilik namoyishlari sentyabrdan beri davom etmoqda. Namoyishlarning boshlanishiga Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Aminining vafoti sabab bo‘ldi. Qayd etilishicha, 19 noyabr holatiga ko‘ra, Eronda huquq-tartibot idoralari xodimlarining harakatlari oqibatida 378 kishi halok bo‘lgan.
LiveBarchasi