Global to‘ntarish siyosati. AQSH kimlarni ag‘dardi?

Tahlil

image

XX asrning ikkinchi yarmi va XXI asr boshlarida AQSH tashqi siyosatida eng bahsli masalalardan biri – boshqa davlatlardagi hokimiyat almashuvlariga bevosita yoki bilvosita aralashuvlar bo‘ldi. Rasmiy Vashington bu jarayonlarni ko‘pincha “demokratiyani himoya qilish”, “inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash” yoki “xavfsizlik tahdidlarini bartaraf etish” bilan izohlagan. Biroq AQSH tomonidan davlat rahbarlarining ag‘darilishi yoki hokimiyatdan chetlatilishi bo‘yicha tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, tashqi siyosatda e’lon qilingan qadriyatlar bilan real amaliyot o‘rtasida jiddiy tafovut mavjud. Demokratiya va inson huquqlari ko‘pincha vosita sifatida ishlatilgan, asl maqsad esa geosiyosiy ustunlik, resurslar va mintaqaviy nazorat bo‘lgan. 

Bugun 12 yildan ortiq vaqt mobaynida Venesuelani boshqarib kelgan Nikolas Maduro 3 soatlik operatsiya oqibatida ag‘darilib, Qo‘shma Shtatlarga olib kelindi. Bu voqea xalqaro hamjamiyatda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Venesuela rahbarining hibsga olinishi AQSH so‘nggi o‘n yilliklarda turli mamlakatlarning siyosiy taqdiriga qanday qilib bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatganiga oid misollarni yana bir bor ko‘zga tashladi. 2020 yil 3 yanvar Tramp Eron generali Qosim Sulaymoniyni o‘ldirishni buyurdi, 2026 yil 3 yanvarda esa Tramp Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni hibsga olishni buyurdi. Bu AQSH aralashuvi orqali o‘ldirilgan yoki ag‘darilgan birinchi oliy darajadagi qurbonlar emas.

QALAMPIR.UZ tarix davomida Qo‘shma Shtatlar ag‘darishda rol o‘ynagan yetakchilar ro‘yxatini taqdim etadi. Shuni ta’kidlash kerakki, ba’zi hollarda Vashington jarayonlarga ochiq harbiy aralashuv orqali, boshqa hollarda esa siyosiy, iqtisodiy va diplomatik mexanizmlar orqali ta’sir ko‘rsatgan.

Muhammad Musaddiq (Eron) 

1950-yillarning boshlarida demokratik yo‘l bilan saylangan va Eron suvereniteti, iqtisodiy mustaqillik va parlament ustuvorligini asosiy qadriyat deb bilgan siyosatchi Muhammad Musaddiq 1953-yilda AQSH va Britaniya razvedkasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan davlat to‘ntarishi oqibatida ag‘darildi. Bu AQSHning maxfiy operatsiyalar orqali hukumat o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatishining klassik namunasi hisoblanadi. Musaddiqning ag‘darilishiga olib kelgan eng muhim sabab – Eron neft sanoatini milliylashtirgani bo‘ldi. 1951-yilda Britaniya nazoratidagi Angliya-Eron neft kompaniyasini (AIOC, keyinchalik BP) milliylashtirib, uning daromadli monopoliyasiga chek qo‘ydi. Foydaning asosiy qismi Buyuk Britaniyaga ketar, Eron esa juda kam ulush olar edi. Musaddiq bu holatni mustamlakachilikning davom etishi deb baholadi. 

Britaniya ochiq harbiy yo‘l bilan aralasha olmagani sababli Eronga nisbatan neft embargosi joriy qildi, Eron neftini sotib olgan davlatlarga bosim o‘tkazdi, Xalqaro sudlarda Eronga qarshi da’volar qo‘zg‘adi. 

Dastlab AQSH Musaddiqqa nisbatan neytral edi. Ammo 1950-yillar boshida vaziyat o‘zgardi. 1953-yilda AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) va Buyuk Britaniya razvedkasi (MI6) hamkorlikda maxfiy davlat to‘ntarishi uyushtirdi. 1953-yil mart oyida TP-Ajax, ya’ni “Ajax operatsiyasi” deb atalgan reja CIA va Buyuk Britaniya razvedka xizmati MI6 tomonidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi. Rejaning asosiy maqsadi xalqni qo‘zg‘atish orqali Musaddiqni lavozimidan voz kechishga majbur qilish bo‘lgan.

Amerika va Britaniya razvedka xizmatlari Musaddiq hukumatiga qarshi bo‘lgan guruhlar bilan yaqin aloqalar o‘rnatdi. Millionlab dollar pora tarqatilganidan so‘ng, bu guruhlar boshqaruvdan norozi bo‘lgan aholining his-tuyg‘ularini kuchaytirib, mamlakatda tartibsizliklar keltirib chiqardi. Ushbu to‘qnashuvlar oqibatida yuzlab odamlar halok bo‘ldi.

Bu vaqtda g‘arbparast Shoh Muhammad Rizo Pahlaviy Musaddiqni lavozimidan chetlatishni istar edi va uning o‘rniga general Fazlulloh Zahidiyni tayinladi. Bunga javoban Musaddiq tarafdorlari ham ko‘chalarga chiqdi va Shoh avval Iroqqa, so‘ng Rimga qochdi. Musaddiqni ag‘darishga qaratilgan bu urinish dastlab muvaffaqiyatsiz tugadi.

Biroq bir necha oy o‘tgach, generallar mamlakatdagi tartibsizliklarga barham berish bahonasida Musaddiq, uning vazirlari va tarafdorlarini hibsga oldi. Shoh esa uch kundan so‘ng Eronga qaytdi. Shu tariqa Buyuk Britaniya va AQSH demokratik yo‘l bilan hokimiyatga kelgan, xalq talabi bilan neftni milliylashtirgan va amalga oshirmoqchi bo‘lgan islohotlari orqali demokratiyani mustahkamlashga urinayotgan Musaddiq hukumatini ag‘darishga muvaffaq bo‘ldi. 

To‘ntarishdan so‘ng Musaddiq vatanga xiyonat qilishda ayblanib, 3 yil muddatga qamoqqa hukm qilinadi va hayotining so‘nggi yillarini uy qamog‘ida o‘tkazadi. U 1967-yilda uy qamog‘ida bo‘lgan holatda vafot etadi.

Salvador Alende (Chili)

1973 yilda Chili prezidenti Salvador Alende general Augusto Pinochet tomonidan harbiy to‘ntarish oqibatida ag‘darildi. AQSH to‘ntarishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirmagan bo‘lsa-da, Vashingtonning siyosiy va razvedka yordami xalqaro manbalarda bilvosita aralashuv sifatida baholanadi.

Alende Chili tarixida birinchi marotaba demokratik yo‘l bilan saylangan sotsialist prezident edi. Uning milliylashtirish siyosati (masalan, konlarni, ayniqsa, Amerika kompaniyalariga tegishli konlarni milliylashtirish) ishbilarmon va konservativ elita tomonidan qattiq qarshilikka uchradi. Parlamentda Alende hukumatiga qarshi ko‘plab qarorlar va blokadalar bo‘lib, uning iqtisodiy va siyosiy islohotlarini to‘xtatishga harakat qilindi.

Salvador Alende hukmronligining dastlabki oylarida Chilida sotsialistik jamiyat qurish muhimligini ta’kidladi. Boy odamlarning mulki musodara qilindi va aholi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatildi. Alendening buyrug‘i bilan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning onalariga kuniga yarim litr sut berildi. Mamlakatdagi eng kam maosh oluvchi odamlarning maoshlari ikki baravar oshirildi. Mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniyalarga sanksiyalar qo‘llash va mahalliy kompaniyalarni davlat nazoratiga o‘tkazish jarayoni tezlashtirildi. 1970-yilda Chilida 1960-yillarda sovuq urush kontekstida AQSHga qarshi faol sotsialistik davlat sifatida ko‘rilgan Kuba elchixonasining ochilishi Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlarning keskinlashishiga olib keldi. Bu AQSHning ichki siyosiy va iqtisodiy aralashuvini kuchaytirdi, natijada 1973-yilda harbiy to‘ntarishning zaminini yaratdi. 

AQSH razvedkasi qo‘llovi bilan milliy xavfsizlik va sotsialistik siyosatning Chili iqtisodiy barqarorligini buzishi haqidagi da’volar fonida 1973-yilda diktator general Augusto Pinochet boshchiligidagi harbiy to‘ntarish oqibatida Salvador Alende ag‘darildi. Prezident saroyiga uyushtirilgan keng qamrovli hujum vaqtida Alende vafot etadi va uning o‘limi atrofidagi holat mojaro mavzusiga aylanadi. Harbiy rasmiylar uning o‘z joniga qasd qilganini iddao qilsa, boshqalar u o‘ldirilgan va o‘z joniga qasd qilish holati sahnalashtirilgan deb hisoblashdi. 1990-yilda uning jasadi qabrdan chiqarilib, poytaxt Santyagoda rasmiy jamoat dafn qilinadi. Pinochet rejimi tomonidan sodir etilgan qotilliklar bo‘yicha jinoyat tergovi doirasida Alende jasadi 2011-yil may oyida yana qabrdan chiqarilib, ilmiy autopsiya o‘tkaziladi. Natijalar uning o‘z joniga qasd qilganini tasdiqlaydi.

Manuel Norega (Panama)

Nikolas Maduro ishi bilan tarixiy jihatdan eng yaqin o‘xshash holat Panama mamlakatining amaldagi diktatori bo‘lgan Manuel Norega bilan bog‘liq. 1989-yilda AQSH harbiylari Panamada to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy operatsiya boshlaydi. Mamlakat yetakchisi Manuel Norega ag‘dariladi, AQSHga olib ketilib, giyohvand moddalar savdosi ayblovlari bilan uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilinadi. Bu AQSHning xorijiy yetakchini o‘z hududida sud qilgan noyob holatlardan biri edi. Buning sabablari sifatida AQSH fuqarolarini Panamada himoya qilish, nodemokratik amaliyotlar, korrupsiya va noqonuniy narkotik savdosi ko‘rsatilgan.

Norega AQSH bilan aloqalari tufayli avvaliga “strategik hamkor” sifatida tanilgan, ayniqsa sovuq urush davrida Markaziy Amerikadagi kommunistik harakatlarga qarshi kurashda AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Shu bilan birga, u narkotik kontrabandasida ishtirok etganligi va korrupsiyaga aloqadorligi bilan tanilgan.

AQSHning Panamada harbiy harakati o‘sha paytda Vetnam urushidan keyingi eng katta AQSH jang operatsiyasi hisoblangan. AQSH hukumati bu operatsiyani oqlash uchun turli sabablarni keltirgan, jumladan, Noregani AQSHga olib kelib, narkotik savdosi bo‘yicha sudga tortish orqali panamaliklarning ahvolini yaxshilashni maqsad qilgan.

Norega hokimiyatda bo‘lgan paytidayoq AQSH sudlari tomonidan giyohvand moddalar savdosi bo‘yicha ayblangan. Keyinchalik AQSH harbiy amaliyoti ortidan qo‘lga olinib, sud qilinishi uchun AQSHga olib ketilgan.

Xuddi shunga o‘xshash tarzda, Nikolas Maduro ham AQSH tomonidan “narko-terrorizm” ayblovlariga duch kelgan va AQSH harakatlari ortidan qo‘lga olingan.
Manuel Norega Mayamiga ekstraditsiya qilingan, 1992 yilda aybdor deb topilib, 40 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U AQSH federal qamoqxonasida taxminan 17 yil jazo o‘tagan.

2010 yilda pul yuvish ayblovi bilan Fransiyaga ekstraditsiya qilinib, 7 yilga hukm etilgan, 2011 yilda esa qotillik ayblovlari bo‘yicha jazo o‘tashi uchun Panamaga qaytarilgan va 2017 yilda vafotigacha uy qamog‘ida saqlangan.

Saddam Husayn (Iroq)

2003-yilda Saddam Husayn Iroqda AQSH boshchiligidagi koalitsiya tomonidan ag‘darildi. Keyinchalik u qo‘lga olindi, sud qilindi va qatl etildi. Bu AQSHning rejim o‘zgarishiga bevosita harbiy aralashuvining eng ochiq misollaridan biri edi. Rasmiy Vashington bu harakatni “xavfsizlikni ta’minlash” va “ommaviy qirg‘in qurollari tahdidi” bilan izohlagan bo‘lsa-da, keyinchalik voqealar bu sabablarning qanchalik munozarali ekanini ko‘rsatdi.

Saddam Husayn hokimiyatining dastlabki yillarida AQSH Iroqni Eron islomiy inqilobiga qarshi muvozanat kuchi sifatida ko‘rgan. 1980-yillarda AQSH Saddam rejimiga bilvosita siyosiy va razvedka ko‘magi ko‘rsatgan.

Biroq 1990 yilda Iroqning Quvaytni bosib olishi munosabatlarni butunlay izdan chiqardi. AQSH boshchiligidagi koalitsiya Quvaytni ozod qildi, ammo Saddamni hokimiyatda qoldirdi. Shundan so‘ng Iroq o‘n yildan ortiq davom etgan qat’iy sanksiyalar ostida yashadi.

2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin AQSH tashqi siyosatida keskin burilish yuz berdi. Prezident Jorj Bush ma’muriyati “yovuzlik o‘qi” tushunchasini ilgari surib, Iroqni xalqaro xavfsizlikka tahdid soluvchi davlat sifatida taqdim etdi. AQSH rasmiylari Saddam Husayn ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab chiqayotgani, terroristik guruhlar bilan aloqada bo‘lgani va BMT rezolyutsiyalarini muntazam ravishda buzganini da’vo qildi.

2003 yil mart oyida AQSH va Buyuk Britaniya boshchiligidagi koalitsiya BMT Xavfsizlik Kengashining aniq roziligisiz Iroqqa harbiy hujum boshladi. Bir necha hafta ichida Bag‘dod egallandi, davlat boshqaruv tizimi izdan chiqdi va Saddam Husayn hokimiyatdan ag‘darildi. AQSH bu jarayonni “Iroqni ozod qilish” deb atadi.

Bosqindan so‘ng Saddam Husayn yashirinishga majbur bo‘ldi. 2003 yil dekabr oyida u AQSH harbiylari tomonidan Tikrit yaqinida qo‘lga olindi. Keyinchalik u AQSH nazorati ostidagi Iroq sudi tomonidan mahkama qilindi va insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topilib, 2006 yilda qatl etildi.

Muammar Kaddafiy (Liviya)

2011-yilda Liviyada sodir bo‘lgan voqealar paytida NATO va AQSH havo operatsiyalari Kaddafiy rejimining qulashida hal qiluvchi rol o‘ynadi. Kaddafiy AQSH tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hibsga olinmagan bo‘lsa-da, xalqaro aralashuv uning hokimiyatdan chetlatilishiga yo‘l ochdi. Bu jarayon bilvosita harbiy yordam deb hisoblanadi.

2011 yilda Liviyada sodir bo‘lgan voqealar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi “Arab bahori” jarayonlarining eng keskin va fojiali sahifalaridan biri bo‘ldi. Qariyb 42 yil davomida mamlakatni boshqargan Muammar Kaddafiy hokimiyatdan ag‘darildi va o‘ldirildi. Bu jarayonda AQSH va NATO yetakchiligidagi G‘arb davlatlarining harbiy-siyosiy aralashuvi hal qiluvchi rol o‘ynadi.

Muammar Kaddafiy 1969 yilda harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatga kelib, Liviyada o‘ziga xos siyosiy tizim – “Jamahiriya”ni barpo etdi. U G‘arb ta’siriga qarshi chiqdi, neft sanoatini milliylashtirdi va AQSHni mintaqadagi asosiy raqib sifatida ko‘rdi.

1980-1990 yillarda Kaddafiy AQSH tomonidan “terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi yetakchi” sifatida baholandi, Liviyaga sanksiyalar joriy etildi va 1986 yilda Tripoliga AQSH havo hujumlari uyushtirildi.

2000-yillarda esa Kaddafiy G‘arb bilan muvaqqat yaqinlashuvga bordi, yadroviy va kimyoviy qurollardan voz kechdi, sanksiyalar bekor qilindi va diplomatik aloqalar tiklandi. Biroq bu yaqinlik uzoq davom etmadi.

2011 yilda Tunis va Misrdagi xalq noroziliklari Liviyaga ham yetib keldi. Dastlab ijtimoiy va siyosiy islohotlar talabi bilan boshlangan namoyishlar tez orada qurolli to‘qnashuvga aylandi. Kaddafiy muxolifatni “qurollangan isyonchilar” va “xorijiy kuchlar qo‘g‘irchoqlari” deb atab, harbiy kuch ishlatishga buyruq berdi. Bu holat xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin tanqid qilindi.

AQSH, Fransiya va Buyuk Britaniya tashabbusi bilan NATO havo hujumlarini boshladi. AQSH rasmiy ravishda “quruqlik orqali qo‘shin yubormaganini” ta’kidlagan bo‘lsa-da, razvedka, logistika va harbiy texnologiyalar orqali aralashuv Kaddafiy rejimining qulashini tezlashtirdi.

2011 yil oktyabr oyida Muammar Kaddafiy Sirta shahri yaqinida qo‘lga olinib, qisqa vaqt ichida o‘ldirildi. Uning sudsiz qatl etilishi inson huquqlari tashkilotlari tomonidan keskin tanqid qilindi.

G‘arb yetakchilari bu voqeani “Liviya xalqining g‘alabasi” sifatida baholagan bo‘lsa, ko‘plab tahlilchilar bu jarayon xalqaro huquq me’yorlariga zid bo‘lganini ta’kidladi. Barqarorlik o‘rniga betartiblik yanada avj oldi.

Kaddafiy ag‘darilgach, Liviyada tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilmadi. Aksincha, davlat institutlari parchalanib ketdi, qurolli guruhlar faoliyati kuchaydi, Liviya bir necha siyosiy markazlarga bo‘linib ketdi.

Viktor Yanukovich (Ukraina)

2010-2014 yillarda Ukrainani boshqargan siyosatchining hukmronligi davrida mamlakat Rossiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida strategik yo‘nalish tanlash muammosi bilan yuzlashdi. 2013 yilning noyabr oyida Yevropa Ittifoqi bilan assotsiatsiya shartnomasini imzolashdan bosh tortishi, mamlakat ichida keng ko‘lamli norozilik aksiyalarini keltirib chiqardi. Yanukovich qaroridan so‘ng Kiyev va boshqa shaharlarida Yevropa integratsiyasi tarafdorlari namoyishlari boshlandi. Bu harakat, keyinchalik “Yevromaydon” deb ataladigan, minglab odamlarni birlashtirdi. Noroziliklar davomida hukumat kuchlari bilan to‘qnashuvlar yuz berdi, odamlar halok bo‘ldi va noroziliklar kengayib bordi.

G‘arb davlatlari, xususan AQSH, “Yevromaydon” faollari bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatdi. Diplomatik bayonotlar va moliyaviy yordam orqali G‘arb demokratik talablarni qo‘llab-quvvatladi. Ba’zi manbalar, jumladan WikiLeaks va jurnalistik tadqiqotlar, AQSH diplomatlari faoliyati orqali Ukrainadagi siyosiy maslahatlar berilganini ko‘rsatadi. Shunga qaramay, Yanukovichning hokimiyatdan ketishi asosan ichki omillar bilan bog‘liq edi. Keng ko‘lamli noroziliklar, shuningdek, parlamentning qarorlari, uning hokimiyatda qolish imkoniyatini kamaytirdi.

2014 yil fevralda noroziliklar kuchayib, parlament qarori bilan Viktor Yanukovich Ukrainadan Rossiyaga qochishga majbur bo‘ldi. Yanukovichning ag‘darilishi ichki siyosiy va ijtimoiy omillar natijasida sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, G‘arbning diplomatik va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi ham muhim rol o‘ynagan. Bu voqea Ukraina tarixida demokratiya va xalqning siyosiy ishtiroki nuqtai nazaridan muhim burilish hisoblanadi.

Nikolas Maduro (Venesuela)

Bugun, 3 yanvar kuni Venesuela poytaxti Karakas shahriga zarba berildi, kamida  yettita portlash sodir bo‘lgani, шаҳар­niнг bir qismi elektr energiyasiz qolgani haqida xabar berildi. Portlash tovushlari shaharning turli hududlarida, shuningdek Simon Bolivar nomidagi Mayketiya ayeroporti va La-Guayra porti atrofida ham eshitildi.

Keyinroq Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro AQSHni Venesuelani bombardimon qilishda ayblab, BMTning favqulodda yig‘ilishini chaqirishga chaqirdi. Shundan so‘ng CBS telekanali AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela hududidagi qator ob’ektlarga, jumladan harbiy nishonlarga zarba berish buyrug‘ini berganini ma’lum qildi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro mamlakatda keng qamrovli mudofaa tizimini zudlik bilan ishga tushirish va milliy kuchlarni safarbar etish bo‘yicha buyruq berdi. Mamlakatda favqulodda holat rejimi e’lon qilindi.

Keyinchalik Donald Tramp Venesuelaga qilingan hujum bo‘yicha bayonot berib, Maduro rafiqasi bilan birga qo‘lga olingani va mamlakatdan olib chiqib ketilganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Rossiya AQSHning Venesuelaga qilgan hujumini qoraladi.

AQSH Davlat Kotibi Marko Rubio Venesueladagi harbiy operatsiya Maduroni qo‘lga olish uchun niqob vazifasini bajarganni ma’lum qildi. U Nikolas Maduro Qo‘shma Shtatlarda jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida AQSH vakillari tomonidan hibsga olinganini bildirdi.

Ammo Venesuela Tashqi ishlar vazirligi va qator xalqaro hamjamiyat vakillari bu hujumning maqsadi Venesuelaning strategik resurslarini, xususan, uning neft va minerallarini tortib olish bilan bog‘ladi. Vazirlik harakatlarni mamlakatning siyosiy mustaqilligini majburan buzishga urinish sifatida baholadi.
 


Maqola muallifi

Teglar

AQSH Eron BMT NATO Venesuela Nikolas Maduro Liviya Viktor Yanukovich Muammar Kaddafiy Saddam Husayn Muhammad Musaddiq Salvador Alende Manuel Norega

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing