Nazarboyevning jiyani 120 mln dollarni joyiga qo‘ydi
Olam
−
20 dekabr 2023
7137Qozog‘iston korrupsiyaga qarshi kurash agentligi Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Satibaldining noqonuniy olib qo‘yilgan aktivlari bo‘yicha 120 million dollarni mamlakat byudjetiga qaytardi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
“Ko‘rsatilgan mablag‘lar davlatga yetkazilgan zararni qoplash uchun respublika byudjetiga yuborildi”, deya aniqlik kiritgan agentlik.
Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati 2021 yildan 2023 yilgacha bo‘lim xodimlari Qozog‘iston byudjetiga noqonuniy olib qo‘yilgan 912 milliard tengedan (1,9 milliard dollardan ortiq) ziyod mablag‘ni qaytarganini ma’lum qilgan.
Bularga ma’muriy binolar, eksklyuziv zargarlik buyumlari, kvartiralar, avtomobillar, kompaniyalardagi ulushlar, temiryo‘llar va boshqalar kiradi.
Ma’lumot uchun, 2022 yil 26 sentyabrda Satibaldi “Kazaktelekom” AJ va “STS” AJda o‘ta katta hajmdagi o‘g‘rilik uchun olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U jazoni o‘rtacha tartibdagi axloq tuzatish muassasasida o‘tamoqda. Shuningdek, unga 10 yil davomida davlat tashkilotlaridagi yuqori lavozimlarda ishlash taqiqlangan.
Satibaldi va jinoyat ishi bo‘yicha boshqa ayblanuvchilar jabrlanuvchi bilan vositachilik kelishuvi tuzib, aybiga iqror bo‘lib, yetkazilgan zararni (jami 500 million dollardan ortiq) qoplagan. Tadbirkor nazoratidagi firmalar “Kazaktelekom”ning 28,8 foiz ulushini davlat mulkiga qaytargan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning qamoqdagi jiyani Qayrat Satibaldi shartli ravishda ozodlikka chiqish uchun ariza bergandi.