Nazarboyevning nabirasi dafn etildi
Olam
−
22 avgust 2020
42165Xabaringiz bor, joriy yilning 16 avgust kuni Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning nabirasi Oysulton Nazarboyev Londonda vafot etgan edi. Ma’lumotlarga qaraganda, 30 yashar Nazarboyevning jasadi Qozog‘istonga keltirilib, Olma-ota shahridagi “Kensay-2” qabristoniga dafn etilgan.
Mamlakat ommaviy axborot vositalari sobiq Senat raisi Darig‘a Nazarboyevaning o‘g‘li Oysulton Nazarboyevning jasadi Qozog‘istonga olib kelingani, uning dafn qilingani haqida biror xabar e’lon qilgani yo‘q. Jamoatchilikning so‘rovlari javobsiz qolmoqda.
Qayd etilishicha, “Kensay-2” qabristonida Oysulton Nazarboyev ota tarafdan bobosi akademik Muxtor Aliyevning yoniga dafn etilgan. Joriy yilning 18 avgust kuni ushbu qabristonda obodonlashtirish ishlari boshlangan edi.
Bir necha kundirki, Qozog‘iston siyosiy elitasi mahalliy OAVning marhumning jasadi qachon mamlakatga olib kelinishi haqidagi savollariga javob bermay kelayotgan edi. 19 avgust kuni jurnalistlar Qozog‘iston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Erjan Ashiqbayevdan Oysultonning jasadi qachon Qozog‘istonga topshirilishini so‘rashdi.
"Menda ma’lumot yo‘q", deb qisqa javob qildi amaldor.
Tashqi ishlar vazirligi vakili Oybek Smadiyarov esa oilaviy mavzuni kengaytirmaslikni so‘radi.
“Har qanday vaziyatda shaxsiy hayotga tajovuz qilish oila a’zolari tomonidan tartibga solinadi. Agar siz shaxsiy hayotingiz tafsilotlarini jamoatchilik muhokamasiga chiqarishni istamasangiz, bu sizning qaroringiz", deya qo‘shimcha qildi Ashiqbayev.
Bu orada Darig‘a Nazarboyevaning to‘ng‘ich o‘g‘li Nurali Aliyev ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasiga ukasi Oysultonning suratlarini joylashtirib, unga “Joying jannatdan bo‘lsin, ukam”, deb yozib qoldirdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Oysulton Nazarboyev allaqachon dafn etilgan.
Oysulton Nazarboyevning o‘limi sabablari rasman aytilgani yo‘q. OAVning urg‘ulashicha, uning vafotiga yurak xuruji sabab bo‘lgan.
Oysultonning onasi – Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarboyeva. U allaqachon turmush o‘rtog‘i Rohat Aliyev bilan ajrashgan. Aslida barcha voqealarning debochasi shu. Ular 2008 yilda ajrashishgan. Kuyov bo‘lmish Aliyev 2015 yilda Avstriya qamoqxonasida o‘lik holda topilgan. O‘shanda u “Nurbank”ning ikki nafar top-menejerini o‘ldirganlikda ayblangan. Qozog‘istonda unga hokimiyatni egallab olishga zimdan tayyorgarlik ko‘rish, jinoiy guruhga rahbarlik qilish kabi ayblovlar qo‘yilgan va sirtdan 40 yil ozodlikdan mahrum qilingan. Qozog‘iston Avstriyaga uning ekstraditsiyasi haqida ikki marta so‘rov yuborgan, ammo rad javobini olgan edi.
Oysulton Nazarboyev Britaniyaning qirollik harbiy akademiyasini bitirgan va Qozog‘istonning harbiy razvedkasida faoliyat olib borgan. U bolaligidan futbol ishqibozi bo‘lgan va bir vaqtlar Qozog‘iston futbol federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida ham ishlagan. 2017 yilda u bobosi Muxtor Aliyev vafoti va otasining o‘z joniga qasd qilganidan keyin giyohvand moddalar iste’mol qilayotganini tan olgan.
2013 yilda Oysulton Nazarboyev “QozRosGaz” rahbari Qayrat Boronboyevning qiziga uylangan. Ularning bir nafar qiz farzandi bor.
Oysulton Nazarboyev joriy yil boshidan beri ijtimoiy tarmoqlardagi kutilmagan postlari sabab jamoatchilik diqqat markazida paydo bo‘lgandi.
Shunday postlardan birida u oila sirini OAVga olib chiqqandi. Oysulton Nursulton Nazarboyev bobosi emas, otasi ekanini aytgan. Boshqasida esa hukumatdagilarni poraxo‘rlikda ayblagan.
Bundan tashqari, u yanvar oyida o‘z joniga qasd qilishga uringandi. Oysulton giyohvand moddalarga mukkasidan ketgani, shuning uchun shifoxonada davolangani haqida xabarlar tarqalgan.
LiveBarchasi