Nazarboyevning kuyovlari yirik davlat kompaniyalari rahbarligidan “uchdi”
Olam
−
15 yanvar 2022
13763Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning kuyovlari Kayrat Sharipbayev (Elboshining katta qizi Darig‘aning turmush o‘rtog‘i hisoblanadi) va Dimash Dosanov (Aliya Nazarboyevaning turmush o‘rtog‘i) mamlakatdagi yirik energetika kompaniyalaridan bo‘shatildi.
Kayrat Sharipbayev Darig‘a Nazarboyevaning “turmush o‘rtog‘i” hisoblanadi. U Elboshining to‘ng‘ich qizi bilan nikohlanganidan ko‘p o‘tmay “KazTransGaz milliy kompaniyasi” Aj boshqaruv raisi etib tayinlangandi.
Dimash Dosanov “Kaztransoyl” Aj bosh direktori va boshqaruv raisi lavozimidan ozod etilgan. U 2016 yil 6 avgust kuni Nazarboyevning kenja qiziga uylanganidan ko‘p o‘tmay yuqori lavozimga tayinlangan edi.
Avvalroq, Aliya Nazarboyeva kutilmaganda Instagram va Facebook’dagi akkauntlarini o‘chirib tashlagani haqida xabar bergan edik. Bu Aliya Nazarboyeva Qozog‘istondagi norozilik namoyishlari va tartibsizliklar haqida oiladan birinchi bo‘lib izoh bergani va ommaviy axborot vositalari uning vatanini tark etgani hamda BAAda ekanligiga e’tibor qaratganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan.
Aliya Nazarboyevaning Dubayga jo‘nab ketgani haqida uning Instagram akkauntidagi ma’lumotlar darak bergandi.
Ma’lumot uchun, 2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshini rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha hech yerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. Uning koronavirusga chalingani va kasallik sabab ta’tilda ekani aytildi.
Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi.
LiveBarchasi