Nazarboyev Abu-Dabi valiahd shahzodasini mukofotladi 

Olam

image

Qozog‘istonning birinchi Prezidenti — Elboshi Nursulton Nazarboyev Birlashgan Arab Amirliklarida Abu-Dabi valiahd shahzodasi, BAA Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad bin Zoid al-Nahayon bilan uchrashib, unga “Yadro qurolisiz dunyo va global xavfsizlik uchun” mukofotini topshirdi. Bu haqda Nazarboyevning matbuot xizmati xabar bergan.  

Nazarboyev BAA xalqini mamlakat tashkil topganining 50 yilligi bilan tabriklab,
qisqa tarixiy davrda turli sohalarda erishilgan yuksak natijalarni alohida ta’kidlagan. 

“Uchrashuvda Qozog‘istonning birinchi Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid al-Nahayonga “Yadro qurolisiz dunyo va global xavfsizlik uchun” mukofotini topshirdi. Abu-Dabi valiahd shahzodasi tinchlik, mintaqaviy barqarorlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishga qo‘shgan hissasi uchun mukofotlandi. Shayx Muhammad bin Zoid al-Nahayon Elboshiga va Nazarboyev mukofoti qo‘mitasi a’zolariga uning faoliyatiga berilgan yuksak baho uchun minnatdorlik bildirdi”, deyilgan xabarda. 

Ta’kidlanishicha, Abu-Dabi valiahd shahzodasi Qozog‘iston va BAA o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rnatish va mustahkamlashda Nazarboyevning katta roli va xizmatlarini qayd etib, ikki qardosh davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga ishonch bildirgan. 

Suhbat chog‘ida tomonlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibining eng dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashgan. 

Ma’lumot o‘rnida, Nazarboyev nomidagi “Yadro qurolisiz dunyo va global xavfsizlik uchun” mukofoti Qozog‘istonning birinchi Prezidenti tomonidan 2016 yilda ta’sis etilgan. 

U yadro qurolini tarqatmaslik, yadro sinovlarini to‘xtatish, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishga qo‘shilgan ulkan hissa, shuningdek tinchlik va do‘stlikni, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, teng huquqlilik va davlatlararo munosabatlarda teng xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan faoliyat uchun beriladi. Tashkil etilganidan buyon mukofot Iordaniya qiroli Abdulla II, MAGATEning sobiq bosh direktori Yukiya Amano va Yadro sinovlarini har tomonlama taqiqlash shartnomasi tashkilotining sobiq ijrochi kotibi Lassina Zerboga topshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

BAA Nazarboev valiahd shahzoda

Baholaganlar

43

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing