BAAda bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi
Olam
−
19 iyun 1170 2 daqiqa
BAA hukumati bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini tartibga soluvchi qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, bolalarning 15 yoshga to‘lgunga qadar ulardan foydalanishi taqiqlanadi. Shu tariqa BAA bunday cheklovlarni joriy etgan birinchi arab mamlakati bo‘ldi. Bu haqda “Gulf news” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 15 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoq platformalarida shaxsiy akkauntlar ochish yoki ulardan foydalanish, shuningdek, ushbu platformalarning barcha funksiyalaridan foydalanish, jumladan, postlar joylashtirish, komment yozish, ma’lumot almashish va ommaviy guruhlarga a’zo bo‘lish taqiqlanadi.
“Bu qadam BAAning global raqamli o‘zgarishlar bilan hamqadam bo‘luvchi hamda bolalar xavfsizligini o‘zining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb biluvchi ilg‘or qonunchilik modellarini ishlab chiqishga bo‘lgan intilishini aks ettiradi”, deyiladi hukumat bayonotida.
Qarorda aytilishicha, 15 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga kontentning yosh tasnifi, muloqotni cheklash, foydalanish vaqtini tartibga solish va ota-ona nazorati hisobga olingan holda platformalardan tartibga solinadigan va xavfsiz tarzda foydalanish imkoniyati ta’minlanishi kerak.
Platformalar zimmasiga yoshni tekshirishning “aniq va ishonchli” mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, talablarga javob bermaydigan akkauntlarni kuzatib borish va “darhol chora ko‘rish” majburiyati yuklangan.
Bu qoidalar BAAdagi foydalanuvchilar uchun ochiq bo‘lgan barcha platformalarga tegishli. Ijtimoiy tarmoqlarga ushbu talablarni bajarish uchun 12 oy vaqt berilgan. Bu muddat davomida ular tegishli davlat organlari bilan kelishilgan holda yangi standartlarni joriy etishlari kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni to‘liq taqiqlash tizimini (16 yoshdan kichiklar uchun) ilk bor 2025 yilning dekabrida Avstraliya joriy etgan edi. Xuddi shunday choralar hozirda bir qator Yevropa mamlakatlarida, jumladan, Fransiya, Ispaniya va Daniyada ham ko‘rib chiqilmoqda. Kanada va Turkiya ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklashni rejalashtirmoqda. 15 iyun kuni esa Buyuk Britaniya 16 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni to‘liq taqiqlashini e’lon qildi.
Live
Barchasi