Nazarbekov reklama qilgan do‘kon jarimaga tortildi. Vazir esa aybsiz

Jamiyat

image

Avvalroq,O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri – Xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ishtirokida kiyimlar do‘koni reklamasi tarqalgani va holat Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘rganila boshlagani xabar qilingandi. O‘rganish natijasida kiyim do‘koni jarimaga tortildi, vazir esa aybsiz deb topildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Bildirilishicha, qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi bo‘yicha  kiyim do‘koni “Reklama to‘g‘risidagi” Qonunning 16-moddasini, ya’ni reklamada tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganligini ko‘rsatish bo‘yicha taqiq talablarini buzgan deb topilgan.

“Natijada, ushbu korxonaga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi va qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Maxsus komissiya tomonidan ishni ko‘rib chiqish jarayonida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning reklamada ishtirokini reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi yoki reklama tarqatuvchi sifatida ishtirok etganligining alomatlari aniqlanmagan. 

“Ozodbek Nazarbekov tomonidan reklamani o‘z shaxsiy ijtimoiy tarmoqlari va boshqa rasmiy tarmoqlar orqali tarqatmaganligi “Reklama to‘g‘risidagi” Qonuniga asosan reklamaning aylanishi sohasidagi ishtirokchisi sifatida baholanmaydi”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Madaniyat vazirligi vaziyatga munosabat bildirib, Ozodbek Nazarbekov “Ovoz” loyihasi hakamlar hay’ati a’zosi sifatida kiyim do‘koniga borib, loyihaning navbatdagi sonini tasvirga olish jarayonida qatnashish uchun loyiha imijmeykerlari bilan birgalikda libos tanlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozodbek Nazarbekov Reklama Madaniyat vaziri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing