Navbatdagi 24-48 soat Eron-Isroil urushida hal qiluvchi bo‘ladi

Olam

image

Kecha, 17 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning Oq uyda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida ishtirokchilar Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaroda navbatdagi 24-48 soat hal qiluvchi bo‘lishini bildirgan. Bu haqda ABC News xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, ushbu muddat yakuniga yetgach, mojaroning diplomatik yechimi bor-yo‘qligi ma’lum bo‘ladi, aks holda AQSH harbiy choralar ko‘rishga majbur bo‘ladi.

Uchrashuv boshlanishidan oldin Tramp Truth Social tarmog‘ida bir nechta postlar e’lon qilib, Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyni “oson nishon” deb atagan va mamlakatdan so‘zsiz taslim bo‘lishni talab qilgan. Uning keskin ritorikasiga qaramay, ABC'ning yozishicha, AQSH Eron bilan yadroviy dastur yuzasidan muzokaralarni qayta boshlash mumkin, deb hisoblaydi. Amerika rasmiylarining fikricha, Tehron hozirda zaif pozitsiyada, shu sababli u muzokara stoliga qaytishga majbur bo‘ladi va uranni boyitishdan to‘liq voz kechishni nazarda tutuvchi bitimga rozilik bildiradi.

Agar Eron rozi bo‘lsa, Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va vitse-prezident Jeyms Devid Vens ishtirokida yuqori darajadagi uchrashuv shu hafta ichida bo‘lib o‘tishi mumkin. Qayd etilishicha, bu holatda Tehron iloji boricha tezroq qaror qabul qilishi kerak bo‘ladi, chunki Tramp “uning sabri tugayotganini” ochiq bildirgan. CBS va “Axios”ning oldingi xabarlariga ko‘ra, respublikachi Tramp Erondagi yadroviy ob’ektlarga zarba berish ehtimolini istisno qilmayapti.

Razvedka ma’lumotlariga tayanib, “The New York Times”ning yozishicha, agar Qo‘shma Shtatlar Isroilning Eron ustidagi harbiy operatsiyasiga qo‘shilsa, Tehron Yaqin Sharqdagi AQSH bazalariga raketa zarbalari yo‘llaydi. Mintaqadagi amerikalik harbiylar yuqori jangovar tayyorgarlik holatiga keltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Eron bilan muzokaralar olib borishni istamasligini va mamlakat butunlay taslim bo‘lishini kutayotganini aytgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Eron-Isroil urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing