Navalniy tarafdorlari Moskvada namoyish uyushtirmoqchi. Politsiya ogohlantirish bilan chiqdi
Olam
−
22 yanvar 2021
5631Rossiya poytaxti Moskva shahri politsiyasi ertaga, 23 yanvar kuni Moskvada ruxsatsiz o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan namoyishlarda ishtirok etish uchun javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantirish bilan chiqdi. Bu haqda TASSga IIV Bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar bergan.
"Ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda 2021 yil 23 yanvar kuni ruxsatsiz aksiyalarda ishtirok etishga chaqiriqlarning tarqatilishi munosabati bilan biz rasmiy ravishda qonun hujjatlarida bunday tadbirlarda qatnashishga nisbatan javobgarlik nazarda tutilgani haqida ogohlantiramiz", deyilgan xabarda.
Politsiyaning ta’kidlashicha, kelishilmagan ommaviy tadbir o‘tkazishga urinishlar hamda ishtirokchilarning har qanday provokatsion harakatlari jamoat tartibiga tahdid sifatida baholanadi va darhol bostiriladi. Huquqbuzarlar qonun bo‘yicha javobgar bo‘ladi.
Shuningdek, huquq-tartibot organlari fuqarolarni provokatsiyalarga berilmaslikka va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarishga chaqirgan.
Ma’lumot o‘rnida, internetda Rossiya muxolifati rahbari Aleksey Navalniyning tarafdorlari uni qo‘llab-quvvatlash uchun kelishilmagan harakatlarga da’vat qilishgan.
Bosh prokuratura Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, huquqni muhofaza qilish idoralarining e’tibori profilaktika choralarini ko‘rishga, asoslar mavjud bo‘lsa, aybdorlarni ma’muriy javobgarlikka tortishga qaratilgan.
Shuningdek, Roskomnadzorga noqonuniy ma’lumotlarga kirishni cheklash bo‘yicha talablar qo‘yilgan. Bosh prokuratura qonunni buzishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirishlar noqonuniy harakatlarga chaqirgan shaxslarga e’lon qilinganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Aleksey Navalniy joriy yilning 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytishi bilan hibsga olindi.
Keyinchalik, Rossiyaning Ximki shahar sudi Jazolarni ijro etish federal xizmati da’vosiga ko‘ra, muxolifatchi Aleksey Navalniyni 30 sutkaga 15 fevralgacha qamoqqa olish haqida qaror chiqardi.