Navalniy himoyachilari: 45 ta davlat Rossiyadan muxolifatchini ozod qilishni so‘ramoqda

Olam 4467
image

Polsha Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyni ozod qilish bo‘yicha 45 mamlakat tomonidan imzolangan bayonotni BMTning Jenevadagi Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga taqdim etdi. Bu haqda “Reuters” nashri yozmoqda.

Ma’lum qilinishicha, ushbu bayonotni imzolagan mamlakatlarning asosiy qismi Yevropa davlatlari hisobiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, ular orasida AQSH, Avstraliya, Kanada va Yaponiya ham bor. 

“Biz Rossiya Federatsiyasini janob Navalniy va barcha noqonuniy yoki o‘zboshimchalik bilan hibsga olinganlarni, shu jumladan tinch yig‘ilishlar va uyushmalar erkinligi, fikr va so‘z hamda din va e’tiqod erkinligi huquqlaridan foydalanganlarni zudlik bilan va shartsiz ravishda ozod qilishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda. 

Shuningdek, bayonotda Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlagan namoyishchilarning hibsga olinishi bo‘yicha xavotir bildirilgan.

Britaniyaning BMTdagi doimiy vakili Julian Breytueyt muxolifatchining zaharlanishi va Hukumatning ushbu holatni tergov qilishdan bosh tortishi, shundan so‘ng Navalniyning qamalishi bilan bog‘liq vaziyatni sharmandali, deb atagan.

Eslatib o‘tamiz, 2 mart kuni AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi Aleksey Navalniy ishi bo‘yicha sanksiyalar kiritdi. Rossiyaning ilmiy tashkilot va kompaniyalari shuningdek, yuqori martabali amaldorlar cheklovlarga tushdi. O‘z navbatida, Rossiya ham sanksiyalarga javob qaytarish niyatida.

Ma’lumot o‘rnida, 2 fevral kuni Moskvaning Simonovsk sudi Aleksey Navalniyning “Iv Roshe” ishi bo‘yicha shartli hukmini haqiqiy jazo bilan almashtirdi. Muxolifatchi 2,5 yilni koloniyada o‘tkazadigan bo‘ldi. Bundan tashqari, sud Ikkinchi Jahon urushi faxriysiga qarshi tuhmat holati bo‘yicha Aleksey Navalniyga 850 ming rubl miqdorida jarima ham solgan.

Farruxjon Murodqulov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 141
Reyting: 3
Teglar
t
×