NATO Ukrainani yolg‘iz qo‘ymaydigan bo‘ldi: Alyans Sharqiy Yevropaga qo‘shin joylashtiradi
Olam
−
24 fevral 2022
25343Rossiyaning Ukrainaga hujumi sabab yuzaga kelgan Yevropa xavfsizligiga tahdid ortidan NATO Sharqiy Yevropada qo‘shimcha harbiy kuchlar joylashtirishi haqida o‘z rejasini ma’lum qildi. Bu haqda bugun, 24 fevral kuni Bryusselda favqulodda o‘tkazilgan xavfsizlik kengashi yig‘ilishi bayonotida so‘z borgan.
Alyans Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi harbiy operatsiyalar sababli quruqlik, havo va dengiz kuchlarini Yevropaning sharqiy hududlari bo‘ylab joylashtiradi.
“Rossiyaning harakatlari Yevroatlantika xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda va bu harakatlar geostrategik oqibatlarga olib keladi. NATO barcha ittifoqchilarning xavfsizligi va mudofaasini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rishda davom etadi. Biz alyansning sharqiy qismiga qo‘shimcha mudofaa quruqlik, havo va dengiz kuchlarini joylashtiramiz. Biz barcha kuchlarimizni kutilmagan favqulodda vaziyatlarga qarshi shay holga keltirganmiz”, deyiladi NATO e’lon qilgan mudofaa rejasida.
Bundan tashqari, hujjatda ta’kidlanishicha, NATO "butun ittifoq hududi bo‘ylab vaziyatni nazoratda ushlab turish va mudofaani yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish”ga qaror qilgan.
"Bugun biz Vashington shartnomasining 4-bandiga muvofiq (NATOga a’zo bir yoki bir nechta mamlakatlar uchun xavf tug‘ilgan taqdirda maslahatlashuv yig‘ilishini o‘tkazish bilan bog‘liq) maslahat yig‘ilishini o‘tkazdik. Biz mudofaa rejasiga muvofiq, barcha ittifoqchilarni himoya qilish va Shimoliy Atlatika mintaqasida xavfsizlikini ta’minlash uchun o‘z qo‘shinlarimizni ittifoqchi davlatlar hududida saqlab turishga qaror qildik. Shu paytgacha biz qo‘llayotgan chora-tadbirlar profilaktik, mutanosib va keskinlashmagan ruhda edi va shunday bo‘lib qoladi ham”, deyiladi hujjatda.
Ta’kidlanishicha, NATOga a’zo barcha davlatlar Rossiyaning Ukrainaga hujumi bilan bog‘liq xatti-harakatlarini muhokama qilgan va Kremlni zudlik bilan hujumni to‘xtatishga chaqirgan:
"Biz Rossiyaning Ukrainaga qilgan dahshatli hujumini qat’iy qoralaymiz, bu mutlaqo asossiz va sababsiz qo‘yilgan qadam. Biz barcha halok bo‘lganlar, yaradorlar hamda butun Ukraina xalqining yonidamiz. Biz ushbu hujum boshlanishiga yo‘l bergani uchun Belarusni ham qoralaymiz”.
Bundan tashqari NATO o‘z bayonotida Rossiya hukumatiga murojaat qilgan:
“Biz Rossiyani harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga, Ukraina hududi va uning atrofidagi barcha kuchlarni olib chiqib ketishga, xalqaro insonparvarlik qonunchiligiga to‘liq rioya qilish hamda barcha muhtojlarga gumanitar yordam berishda xalqaro tashkilotlarga to‘sqinlik qilmaslikka da’vat qilamiz”.
LiveBarchasi