Ukrainani yolg‘iz qoldirgan NATO mudofaa rejasini ishga tushirmoqchi
Olam
−
24 fevral 2022 23720 2 daqiqa
NATOning doimiy vakillari bugun, 24 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ittifoqchilarni himoya qilish uchun inqiroz davrida alyans mamlakatlarida javob kuchlarini joylashtirishni nazarda tutuvchi mudofaa rejasini faollashtirishga kelishib oldilar. Bu haqda tashkilot bosh kotib Yens Stoltenberg ma’lum qildi.
“Biz joriy vaziyatni muhokama qildik, harbiy maslahatchilarning tavsiyalarini olgach, doimiy vakillar inqiroz davrida alyans mamlakatlarida kuchlarni, shu jumladan javob kuchlarini joylashtirishni nazarda tutuvchi mudofaa rejamizdan foydalanishga kelishib oldik”, dedi u.
Bosh kotibning qo‘shimcha qilishicha, ko‘rilgan choralar ittifoqchilarni himoya qilishga qaratilgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini e’lon qildi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Live
Barchasi