NATO Ukrainani a’zo qilish bo‘yicha Rossiya bilan maslahatlashib o‘tirmaydi
Olam
−
12 iyul 2023 7642 1 daqiqa
NATO Ukrainaning alyansga kirishi masalasida Rossiya bilan muzokara olib borish niyatida emas. Bu haqda bugun, 12 iyul kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg tashkilot sammitining yakuniy matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
"Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralar Ukraina ularga tayyor bo‘lgandagina bo‘lib o‘tadi: Ukrainasiz Ukraina haqida hech narsa gaplashilmaydi. Biz Ukrainaga qancha ko‘p harbiy yordam bersak, ular shunchalik ko‘p hududni ozod qila oladi va muzokaralarda shunchalik kuchli bo‘ladi. Shuning uchun biz harbiy yordam ko‘rsatishda davom etamiz va ittifoqchilarning uzoq masofali raketalar, havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqa qurollar bilan ta’minlash haqidagi e’lonlarini olqishlaymiz. Biz muzokaralar stolida Ukraina kuchliroq bo‘lishini istaymiz”, degan Stoltenberg jurnalistlarning NATO davlatlari Ukrainaning a’zoligi masalasida Moskva bilan muzokaralar olib borish niyati bor-yo‘qligi haqidagi savoliga javob berar ekan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Vilnyusdagi NATO sammitida Germaniya kansleri Olaf Shols G7 davlatlarining urush tugagandan keyin Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berish masalasi bo‘yicha qo‘shma deklaratsiyasini e’lon qilgandi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov G7 davlatlarining Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berish niyati noto‘g‘ri va xavfliligi, bu yo‘l bilan G7 mamlakatlari Rossiya xavfsizligiga tajovuz qilayotganini aytdi.
Live
Barchasi