NATO Ukrainaga Patriot raketalarini shoshilinch yetkazadi – OAV
Olam
−
06 avgust 2970 2 daqiqa
NATO Ukrainaga zudlik bilan zarur bo‘lgan havo hujumidan mudofaa vositalarini yetkazish ustida ishlamoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bunga Rossiyaning bugun, 6 avgustga o‘tar kechasi uyushtirgan hujumi vaqtida Ukraina birorta ham ballistik raketani urib tushira olmagani sabab bo‘lgan. Hujumda Rossiya 24 ta ballistik raketa va 115 ta drondan foydalangan. Ukraina havo kuchlari 98 ta dronni yo‘q qilgan, biroq ballistik raketalarning birortasi tutib qolinmagan. Oqibatda kamida 17 kishi halok bo‘lgan.
NATO Bosh kotibi Mark Ryuttening aytishicha, alyans Ukrainaga zarur bo‘lgan havo mudofaa tizimlarini imkon qadar tezroq yetkazishga harakat qilmoqda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Rossiya qish mavsumi yaqinlashar ekan, raketa ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirishni rejalashtirayotganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida ittifoqchilar tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan havo mudofaa raketalari hajmi o‘tgan yilga nisbatan uch barobarga kamaygan.
“Barcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va zarur siyosiy qarorlarni qabul qilish muhim. Ukrainada odamlarning hayoti har kuni Yevropa va AQSHdagi hamkorlarimizning qat’iyatiga bog‘liq”, degan Zelenskiy NATO Bosh kotibi bilan uchrashuvdan so‘ng.
Nashrga ko‘ra, Ukraina Rossiyaning “Iskander-M”, S-400 va “Sirkon” raketalarini tutib qolishga qodir bo‘lgan Patriot tizimlariga jiddiy ehtiyoj sezmoqda. Zelenskiy bu tanqislikni Yaqin Sharqdagi urush oqibatida AQSH zaxiralarining kamaygani bilan izohlagan.
Shuningdek, AQSH Ukrainaga Patriot raketalarini ishlab chiqarish bo‘yicha litsenziya berish masalasida muzokaralarni davom ettirayotganini ma’lum qilgan. Muhokama qilinayotgan variantlardan biriga ko‘ra, Ukraina ayrim butlovchi qismlarni ishlab chiqaradi, yakuniy yig‘ish esa Yevropadagi korxonalarda amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO davlatlari 2026 yil yakuniga qadar Ukrainaga harbiy texnika yetkazib berish va harbiylarni tayyorlash uchun 70 milliard dollar ajratishga va’da bergan edi.
Live
Barchasi