NATO Ukrainaga qanday yordam berayotgani aytildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) Ukrainaga qurol va gumanitar yordam yetkazib berish hamda moliyaviy jihatdan yordam berishni kuchaytiryapti. Bu haqda alyans Bosh kotibi Yens Stoltenberg ma’lum qildi.

“NATO ittifoqchilari Ukrainaga qurol-yarog‘ va insonparvarlik yordamini yetkazib berishni hamda mamlakat iqtisodiyotiga moliyaviy yordam ko‘rsatish orqali qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirmoqda”, deya ta’kidladi u.

Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, NATO davlatlari Rossiyaga nisbatan “miqyosi bo‘yicha misli ko‘rilmagan” sanksiyalar joriy qilmoqda. Bu Moskvani asossiz va mutlaqo ma’nosiz urush uchun to‘lovni to‘lashga majbur qiladi.

“Alyans Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi. Biz ushbu mojaroning NATO va Rossiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli urushga aylanib ketishining oldini olish uchun harakat qilamiz”, deya ta’kidladi Yens Stoltenberg.

Avvalroq, agar Rossiya kimyoviy qurol ishlatsa, NATO Ukrainadagi mojaroga aralashmaslik bo‘yicha o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishini ma’lum qilgan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

293

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing