Ukraina NATOga a’zo bo‘lishi uchun o‘z hududlaridan voz kechishi taklif qilindi

Olam

image

Shimoliy Atlantika alyansi Bosh kotibi idorasi rahbari Stian Yenssen Ukraina Rossiya foydasiga o‘z hududlarining bir qismidan voz kechib, harbiy mojaroga barham bersa, NATOga qabul qilinishini aytdi. Bu haqda u Norvegiyaning Arendal shahrida bo‘lib o‘tgan jamoatchilik muhokamasida so‘z ochdi.

“Menimcha, bitta yechim Ukraina hududdan voz kechishi va buning evaziga NATOga a’zo bo‘lishi mumkin”, deydi u.

Yenssenning so‘zlariga ko‘ra, bu Ukrainadagi mojaroning tugashiga olib keladi. Biroq u Ukraina tomoni qaysi hududlarga da’vo qilishdan voz kechishi kerakligini aniq aytmagan. 

"Men shunday bo‘lishi kerak, deb aytmayapman. Ammo bu mumkin bo‘lgan yechimdir”, deya qo‘shimcha qildi Yenssen.

Shu bilan birga, u Ukrainaning o‘zi qachon va qanday sharoitda muzokara olib borishni hal qilishi kerakligini ta’kidlagan. NATO Bosh kotibi idorasi rahbari Kiyevning kelajakda alyansga a’zo bo‘lishi masalasida sezilarli siljish borligini aytgan. 

Biroq Yenssenning bu chiqishi Kiyevda keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Xususan, Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak bu ssenariyni “Putinning g‘alabasi” deb atadi.

“Dunyo tartibini saqlab qolish va "yomon tinchlik" o‘rnatishga urinishlar, tan olaylik, Putinning g‘alabasi tinchlik keltirmaydi, balki bu sharmandalik va urushga olib keladi. Bu yangi "Yevropa bo‘linishi" ning har qanday formatiga, shu jumladan NATO soyaboni ostida ham amal qiladi. Xo‘sh, nega qurol yetkazib berishni tezlashtirish o‘rniga Rossiya xohlagan muzlatish ssenariysini taklif qilish kerak? Qotillarni dahshatli indulgensiyalar bilan rag‘batlantirishning hojati yo‘q”, deb yozgan Podolyak X’dagi sahifasida.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ham hududlar evaziga NATOga a’zo bo‘lish haqidagi gaplarni qabul qilib bo‘lmasligini bildirdi.

“Ukraina hududlarining bir qismidan voz kechish evaziga mamlakatning NATOga qo‘shilishi haqida gapirish mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas. Bu haqdagi rivoyatni shakllantirishda NATO rasmiylarining ongli yoki ongsiz ishtiroki Rossiya foydasiga o‘ynaydi. Buning o‘rniga Ukrainaning g‘alabasini tezlashtirish va NATOga to‘liq a’zo bo‘lish yo‘llarini muhokama qilish Yevro-Atlantika xavfsizligi manfaatlariga mos keladi”, deb yozgan Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oleg Nikolenko Facebook'da.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Ukraina Mixail Podolyak Stian Yenssen

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing