NATO Putinning yadroviy tahdidiga javob qaytardi

Olam

image

NATO hozircha Rossiya yadroviy kuchlarining tayyorgarlik holatida hech qanday o‘zgarishlarni kuzatmagan, biroq vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda. Bu haqda bugun, 21 sentyabr kuni “Reuters Next” onlayn forumida NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Putinning bayonotiga munosabat bildirib, ma’lum qildi.

“Biz Rossiya tomoni bilan aloqadamiz va uning harakatlarini diqqat bilan kuzatib boramiz. Hozircha biz Rossiya yadro strategiyasida va uning tayyorgarligida hech qanday o‘zgarishlar kuzatilmagan. Ammo biz vaziyatni diqqat bilan kuzatib boramiz va hushyor bo‘lamiz”, deydi u.

Stoltenberg, shuningdek, Rossiya “yadroviy mojaroda g‘alaba qozona olmasligini” va Moskva tomonidan yadro qurolidan foydalanish uning uchun “misli ko‘rilmagan oqibatlarga” olib kelishini ta’kidladi.

“Bu xavfli ritorika. Lekin yangi emas. Yadro urushida g‘olib bo‘lish mumkin emas, Rossiya uchun oqibatlar misli ko‘rilmagan bo‘ladi”, deydi Shimoliy Atlantika alyansi Bosh kotibi.

Eslatib o‘tamiz, Putin xalqiga murojaati davomida Rossiyada qisman harbiy safarbarlik e’lon qildi. Shuningdek, u Rossiya xavfsizligiga tahdid qiluvchilarga yadroviy qurol bilan javob berishdan hap tap tortmasligini aytdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

701

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing