NATO blok tarixidagi eng yirik havo mashqlarini o‘tkazadi
Olam
−
07 iyun 2023
5187Joriy yilning 12-23 iyun kunlari NATO harbiy-siyosiy blok tashkil etilganidan buyon eng yirik mashg‘ulotlarni o‘tkazadi. Bu haqda Germaniya Qurolli kuchlari ma’lum qildi.
Aytilishicha, Air Defender 2023 havo mashqlari Germaniya va Sharqiy Yevropada 250 ta harbiy samolyot ishtirokida o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlarda qatnashish uchun AQSH harbiy-havo kuchlarining 110 ga yaqin samolyoti Yevropaga jo‘natilgan.
Bundan tashqari, mashg‘ulotlarda Yevropadagi NATO davlatlarining 80 ta samolyoti va xalqaro hamkorlarning 60 ta samolyoti ishtirok etadi.
25 davlatdan kelgan uchuvchilar F-35, Eurofighter, F-18, F-16, A-10 va Gripen kabi 20 turdagi samolyotlarni boshqaradi.
Ta’kidlanishicha, mashqlardan alyansning mudofaasini kuchaytirish, havoda to‘xtatuvchi omil mavjudligini ko‘rsatish va Atlantika okeanining har ikki tomonida “birdamlikni mustahkamlash” maqsad qilingan.
Eslatib o‘tamiz, NATO o‘tgan yilda Rossiyaga yaqin hududlarda bir necha bor harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgandi. Xususan, Rossiya janubida joylashgan Gruziya hududida Gruziya-NATO qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari, Polshada esa PUMA-22 harbiy mashqlari bo‘lib o‘tdi.
LiveBarchasi