“Natija bor”. Putin Ar-Riyoddagi muzokaralarga izoh berdi
Olam
−
20 fevral 8214 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya va AQSH delegatsiyalarining Ar-Riyodda o‘tkazilgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha hisobot olganini va natijalarni ijobiy baholaganini ma’lum qildi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya birinchi qadamni qo‘ygan va AQSH bilan turli yo‘nalishlarda, jumladan, Yaqin Sharq bo‘yicha hamkorlikni tiklashga tayyor. Muzokaralarning asosiy maqsadi o‘zaro ishonchni oshirish bo‘lib, u bo‘lmasa Ukrainadagi mojaroni hal qilib bo‘lmaydi.
“Ha, menga hisobot berishdi. Men natijalarni yuqori baholayman. Ijobiy natija bor”, dedi Putin.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda AQSH tomonidan “boshqa odamlar” qatnashgan – ular xolis, hukm chiqarishga moil emas va hamkorlikka ochiq bo‘lgan. Shuningdek, u AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish istagini bildirgan, biroq bu uchrashuv oldindan tayyorgarlikni talab qilishi, eng muhim masalalarni muhokama qilishga yo‘naltirilishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.
“Biz diplomatik idoralar ishini normal tarzda tiklashga kelishib oldik. Doimiy ravishda diplomatlarni Vashington va Moskvadan chiqarib yuborish hech qanday foyda keltirmaydi. Agar ish shu tarzda davom etsa, bu binolarda faqat tozalovchilar ishlaydi. Albatta, ularning mehnatini ham qadrlash lozim, ammo diplomatik vakolatxonalar bunday maqsadda tashkil etilmaydi”, dedi Putin.
Putin muzokaralarda muhokama qilingan bir qator boshqa mavzularni ham tilga olgan, jumladan, iqtisodiy hamkorlik, jahon energetika bozorlarida qo‘shma faoliyat va kosmik sohadagi hamkorlik. Shuningdek, u strategik hujum qurollarini qisqartirish bo‘yicha yangi shartnoma (SNV-3) bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish zarurligini eslatdi.
“Bu masala hammaga unutilib ketgandek tuyuladi, lekin men eslatib o‘taman: 2026 yil fevralda SNV-3 shartnomasi muddati tugaydi”, dedi Putin.
Eslatib o‘tamiz, 18 fevral kuni Ar-Riyodda Rossiya va AQSH delegatsiyalari o‘rtasida urush boshlanganidan buyon ilk bevosita muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida tomonlar urushni to‘xtatish va ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi. Shu bilan birga, Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Moskva va Vashington pozitsiyalari yaqinlashayotganini hozircha aytish qiyinligini ta’kidlagan. Keyinroq, Vladimir Putin jurnalistlar bilan uchrashuvda Rossiya tomoni Ukraina mojarosini hal qilish uchun muzokaralar stoliga qaytishga tayyor ekanini aytdi. Unga ko‘ra, Ukraina Rossiya va AQSH delegatsiyalarining Ar-Riyoddagi uchrashuvida ishtirok etmagani uchun ularning “ajralib” qolishiga asos yo‘q, chunki hech kim Kiyevni muzokaralar jarayonidan chetlashtirmayapti.
Live
Barchasi