NASA odamlarni Oyga olib chiqish missiyasini keyinga qoldirdi
Bu qiziq
−
06 dekabr
904AQSH Milliy aeronavtika va kosmik tadqiqotlar boshqarmasi (NASA) odamlarni Oyga olib chiqishni rejalashtirgan Artemis II va Artemis III missiyalarini mos ravishda 2026 yil aprel va 2027 yil o‘rtalariga ko‘chirdi. Ilgari Artemis II missiyasi 2024 yil oxirida, Artemis III esa 2025 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgandi. Bu haqda agentlikning rasmiy saytida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu qaror Artemis I missiyasi doirasida Orion kosmik kemasining sinov parvozlaridan so‘ng qabul qilingan. Sinovlar 10 apreldan boshlab NASA’ning Kennedi nomidagi kosmik markazidagi vakuum kamerasida o‘tkazilgan. May oyida NASA sinov parvozlari chog‘ida Orion kemasining issiqlik qalqoni zarar ko‘rganini ko‘rsatuvchi suratlarni e’lon qilgan. Qalqon ablyatsion himoya texnologiyasi yordamida ishlab chiqilgan bo‘lib, atmosferaga kirishda bir tekisda yonib, bug‘lanishi kerak edi. Ammo sinovlarda bunday bir xil yonish natijasiga erishilmagan – qalqonning ayrim qismlari qattiq kuygan, katta bo‘laklar uzilib, boshqa joylariga zarar yetkazgan. Kecha, 5 dekabr kuni NASA ushbu muammo sababli Artemis II va III missiyalari uchun issiqlik qalqoni tuzilishi o‘zgartirilishini ma’lum qilgan.
Artemis I dasturi doirasida Orion kosmik kemasi 2022 yil avgustida muvaffaqiyatli ravishda Oyga uchirilgan, u Oy atrofini aylanib chiqib, noyabr oyida Tinch okeaniga qaytib qo‘ngan. Artemis II dastlab to‘rt kishilik ekipaj bilan Oy atrofini aylanib chiqishni 2024 yil oxirida amalga oshirishni ko‘zda tutgan. Artemis III esa 2025 yilda Oy janubiy qutbiga ilk astronavtlar qo‘nishini rejalashtirgandi. 2024 yil yanvarida NASA Artemis II missiyasini 2025 yil sentyabriga, Artemis III ni esa 2026 yil sentyabriga qoldirgandi. O‘shanda NASA rahbari Bill Nelson bu qaror sinovlar chog‘ida batareya va havo ventilyatsiyasi hamda haroratni nazorat qilish tizimi komponentlarida aniqlangan muammolar tufayli qabul qilinganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Florida shtatidagi kosmodromdan SpaceX kompaniyasining Falcon raketasi Yupiterning 95 yo‘ldoshidan biri bo‘lgan – Yevropada hayot izlarini qidirish maqsadida Europa Clipper deb nomlangan kosmik stansiyani orbitaga chiqargandi.
LiveBarchasi