Narimon Umarov Oltinsoy voqeasi haqida: Oqibatlar bilan kurashaversak uzoqqa borolmaymiz
Jamiyat
−
17 fevral 2020
9490Oltinsoyda aholi xonadonlari buzilishi sababli yuzaga kelgan fuqarolar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasidagi vaziyat keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan hozirda Oltinsoy tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Prokuraturaning rasmiy bayonotida ta’kidlanganidek, mutasaddi organlar tomonidan yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish va egallab olishning oldini olish bo‘yicha monitoring o‘tkazilmoqda.
Mazkur voqea yuzasidan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi raisi Narimon Umarov munosabat bildirdi.
“O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ushbu jarayonda adolat qaror topishi uchun har ikkala tomon ham tinglanishi, vaziyat chuqur o‘rganilishi lozim deb hisoblaydi.
Sug‘oriladigan yerlarning har bir qarichidan maqsadli foydalanish darkor, chunki aholimizni xavfsiz oziq-ovqat bilan ta’minlash o‘ta muhim masaladir.
Aksariyat hollarda yer egalari bo‘lgan fermerlar nopok yo‘llarga kirib, ular tomonidan dehqonchilikka mo‘ljallangan yer maydonlari uy, binolar qurishga ajratilayotganligini noqonuniy harakat deb baholaymiz.
Bunday hollarda eng avvalo, ushbu yerlarni ajratishga javob berganlar qonuniy javob berishi kerak. Shundagina adolat ta’minlanadi. Shuning uchun fuqarolar uy qurishi uchun sharoit yaratib bergan fermer yoki boshqa mutasaddilarning javobgarligi kun tartibiga chiqarilishi zarur. Biz hozir sabablar bilan emas, oqibat bilan kurashmoqdamiz. Bu zaylda ketadigan bo‘lsa, bunday holatlar ertaga boshqa hududda ham kelib chiqishi aniq.
Shuning uchun bu jarayonda asosiy e’tiborni vaziyatni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etishga qaratilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Qayerda qonun ustuvor bo‘lsa, o‘sha yerda adolat hukm suradi, rivojlanish bo‘ladi”, deyiladi parlamentariy munosabatida.
Eslatib o‘tamiz, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov vaziyat bilan tanishish uchun Oltinsoyga bordi. Shundan so‘ng, hodisa yuzasidan aybdorlar javob berishi lozimligini ta’kidladi.
LiveBarchasi