Qodirov effekti yoxud Oltinsoy janjalining panadagi haqiqatlari

Tahlil

image

Sal avval Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida aholi va IIB vakillari o‘rtasida kelib chiqqan janjal haqida xabar qilgandik.

O‘sha kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov voqeaga munosabat bildirgandi.

Bu hozirgacha katta tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda.

Voqeani to‘liq tahlil qilishdan avval xolislik mezonini tutgan holda, sizlardan tanganing ikkinchi tarafiga ham e’tibor qaratishingiz va fikr erkinligini hurmat qilishingizni so‘rab qolardim. Demokratiya shunday tizimki, unda ahmoqning ham gapirishga haqqi bor. Qonun doirasidagi fikr uchun jazolanmaslik kerak. Kim gapirgani emas nima degani muhim bo‘lsin. 

Qodirov nima dedi?

Qodirov: “Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida bir guruh fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan qo‘pol qonun buzilishi, jamoat tartibiga putur yetkazish harakatlari qonunlarimizga ham, qadriyatlarimizga ham zid bo‘lgan jinoyat sifatida baholanishi kerak”.

Alisher Qodirov barcha holatlarni ko‘rmay turib, deputat sifatida bunday fikrni bildirmasligi kerak edi. Qonun buzilganmi yoki yo‘q? Qonun buzilgan bo‘lsa, qay darajada buzilgan? Uni kimlar buzgan? Ichki ishlar xodimlarimi, fuqarolarmi yoki  yerga mas’ul boshqa tashkilotlar? Bularga baho beruvchi bir qator tashkilotlar bor va to‘liq o‘rganish uchun vaqt talab etadi. Ungacha xulosa qilishga shoshilmagan ma’qul.

Jinoyat kodeksining 277-moddasi (mayda bezorilik) bor. Xalq orasida ushbu modda “dejurnaya statya” deb ataladi. Jamoat tartibiga qarshi harakatlar hisoblanadi. Aksar sudlar tomonidan ushbu modda doirasida ishlar ko‘rib chiqilishida Oliy sud plenumining “Bezorilikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi qaroriga amal qilinmay kelinmoqda. Alisher Qodirovdan Parlament vakili sifatida mazkur muammoni ko‘tarishi, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzish deganda aynan nima tushunilishi lozimligi qonun bilan alohida mustahkamlanishida tashabbus ko‘rsatishini so‘rab qolardim.

Qodirov: “So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson manfaatlari ustuvorligi, huquq va erkinliklarini taminlash, turmush sharoitlarini o‘zgartirish maqsadida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar aslo mamlakatimizda qonun ustivorligini taminlashga to‘sqinlik qilmaydi. Zero qonun ustuvor bo‘lgan davlatlardagina xalqqa samarali xizmat qilish mumkin”.

Albatta, bo‘layotgan o‘zgarishlarni e’tirof etmay ilojimiz yo‘q. Yutuqlarimiz bir qancha. Biroq ular o‘zimiz bilan qoladi. Bu yerda esa bir qancha savollar tug‘iladi: mavjud qonunlar barchaga teng ishlayaptimi? Ayrim mansabdorlar oddiygina uzr bilan jazodan qutulib qolishi kimga yoqadi? “Uzr chellendj”lar vaqti qayerda edingiz? Nega deputat deganda, faqat Rasul Kusherboyevni tushunishimiz kerak? O‘tgan voqealar sizga boy jinoyat qilsa – sho‘xlik, kambag‘al sho‘xlik qilsa jinoyat prinsipini eslatmayaptimi?

Qodirov: “Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ushbu jinoyat ochiq tergov qilinishi va aybdorlarga keskin jazo belgilanishi kerak”.

Bu gap esa juda tushunarsiz va kulguli bo‘lib qolgan. Huquq tizimida ochiq sud degan tushuncha mavjud. Ochiq sud davomida sudga tegishli sud tergovi ham olib boriladi. Ammo bizning huquq tizimimizda “ochiq tergov” degan jumlani uchratmaymiz. Alisher Qodirov va boshqa rasmiylarga tavsiyamiz huquqiy terminlar haqida bilimingiz yetarli bo‘lmasa, yaxshisi fikringizni soddaroq tilda tushuntirganingiz ma’qul.

Bundan tashqari, bizning sanksiyalarimiz jazolashga emas, insonni qayta tarbiyalashga, liberalizmga qaratilgan. Unda barcha yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar hisobga olinadi. Davlatning asl siyosatini tushunmagan inson aynan qonun chiqaruvchi hokimiyatda ishlashi achinarli holat emasmi?

Kommentda nima gaplar?

Shuningdek, Alisher Qodirov Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi postiga yozilgan izohlarga ham munosabat bildirgan. Foydalanuvchilardan biri Qodirovning izohiga nisbatan “Sizdan nima kutish mumkin? Xalqni ayblash oson. Haqiqiy deputat saylanmaguncha shu ahvol”, deb fikr bildiradi. Qodirov ushbu mulohazani javobsiz qoldirmay, shunday javob qaytaradi:

“Xalqni ayblash hech kimning qo‘lidan kelmaydi. Xalq ayblaydi. Qozi ham, amaldor ham xalq nomidan ish qiladi. Davlat xizmatchisiga kuch ishlatish mumkinmas. Xalq shunday qonunni ma’qullagan. Men sizni umidvor qilmaganman, mendan hech narsa kutmang. Siz meni saylamagansiz, bundan keyin ham saylamaysiz... saylamasangiz ham mayli. Fikringizdan juda ham ta’sirlanganim yo‘q”.

Ushbu holatda esa Qodirov hissiyotga berilishni boshlagan va aynan shu kabi izohlari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining medasiga tekkan va unga qarshi keskin noroziliklarini ifodalashgan. Keyinroq, Qodirov ushbu izohini o‘chirishga majbur bo‘lgan. Xalq vakilidan bu kabi masalalarda og‘ir va mulohazali bo‘lishini kutib qolardik.

Foydalanuvchilardan biri unga ishonch bildirishini aytib o‘tgan. Unga javoban Alisher Qodirov:

“…ishonchingiz men uchun qadrli. Xalq nomidan to‘rtta beboshni davlatga tosh otishiga “to‘xta” demasak ertaga nima bo‘ladi. Huquqiy madaniyatni o‘zgartiramiz. Noqonuniy qurilish – amnistiya, zo‘ravonlik – ko‘z yum, tovlamachiga o‘z qo‘li bilan pul bergan – davlat hisobidan qaytarib ber, noqonuniy yer o‘zlashtirib ol – hokim aybdor... biz qachon halq bo‘lamiz o‘zi! Qachon davlat bo‘lamiz bu ketishda!”.

Xolis fikr bildiradigan bo‘lsam, bu jumlalarga qo‘shilmay ilojim yo‘q. Orada davlat mana shunday fuqarolarning manfaatini hisobga olib “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi”ni ham joriy qildi. Shu davrda 589 991 nafar fuqaroga o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga mulk huquqi berildi. Aksiya 2019 yilning 1 mayida tugadi. Davlat odamlarga imkon berdi.

Tarqalgan videolar savollarni paydo qilmoqda

Mavjud videolarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, “Xalqobod” mahallasida yashovchi ayrim fuqarolar esa “aksiya” muddati tugagandan keyin bu hududda joylashgan fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydoniga noqonuniy uy-joy qurib olishgan. Agar bu rost bo‘lsa, qonunan mumkin emas. Lekin keyinroq tarqalgan videoda “aksiya” muddati tugagach, tumandagi “Bobur” fermer xo‘jaligida 72ta mana shunday qurilgan uylarga kadastr hujjatlari qilib berilgani aytilmoqda. 

Birinchidan, ularga noqonuniy ruxsat berildi degani, boshqalarga ham ruxsat berilsin degan ma’noni anglatmaydi. Ikkinchidan, agar chindan ham bu vaziyatda qonun buzilgan bo‘lsa, davlat qonuniy chora ko‘rishi kerak. O‘zboshimchalik bilan egallangan mulkni buzish belgilangan qonun talablariga amal qilingan holda amalga oshirilishi zarur.

Yer kodeksiga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari ularga g‘ayriqonuniy ravishda egalik qilingan va foydalanilgan vaqtda qilingan sarf-xarajatlar qoplanmagan tarzda tegishliligiga ko‘ra qaytariladi. Yer uchastkalarini foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish, shu jumladan undagi imoratlarni buzish yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini yer egasiga, yerdan foydalanuvchiga, yer uchastkasi ijarachisiga yoki mulkdoriga qaytarish tegishli tuman, shahar, viloyat hokimining qaroriga binoan yoki sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.

Bu masala ortidan yer munosabatlariga oid bir qancha muammolar qayd etilmoqda. Davlat fermerga bergan ijara yerini fuqarolarga uy-joy qurish uchun sotib yuborish amaliyoti hamon uchrab turibdi. Qodirovga ko‘ra, yangi Parlament ushbu muammo ustida ishlamoqda va bu tez orada o‘z yechimini topadi.

Boshqa bir tarqalgan videoda kaltak yeyayotgan yoshi katta otaxon, yuz qismidan yaxshigina jarohat olgan fuqaro, sudrab ketilayotgan aholi vakillarini ko‘rish mumkin. Bu kabi holatlar qars ikki qo‘ldan chiqishini ko‘rsatmoqda. Ammo negadir prokuratura bayonotida ikkinchi taraf tinglanmagandek.

Demak, tegishli komissiya har xil gap-so‘zlarga barham berish uchun vaziyatni to‘liq o‘rganishi, unga xolis baho berishi va aybdorlarga jazolanishi lozim. Shu o‘rinda, komissiya qish fasli ekanini hisobga olib insoniylik nuqtai nazaridan uysiz qolishi mumkin bo‘lgan fuqarolarning ham manfaatini hisobga oladi, degan umiddamiz.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

633

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing