Prokuratura Oltinsoydagi II xodimlari va aholi o‘rtasidagi janjalga izoh berdi

Jamiyat

image

Surxondaryoning Oltinsoy tumanida aholi va IIB xodimlari orasida mojaro sodir bo‘lgani, ikki xodim jarohat olgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bayonot berdi.

"O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019 yil 17 iyundagi PF-5742-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining 2019 yil 4 dekabr kunidagi 11/8-19-sonli topshirig‘ining ijrosini ta’minlash maqsadida Oltinsoy tuman hokimining 2019 yil 6 dekabr kuni F-185-sonli Farmoyishi ishlab chiqilgan. 

Mazkur farmon va topshiriqlar ijrosi yuzasidan olib borilgan monitoring jarayonida tumanning 1-sektoriga tegishli bo‘lgan “Xalqobod” mahallasi hududida joylashgan “Oq-oltin manzarasi” nomli fermer xo‘jaligiga qarashli qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suvli yer maydonining 496-dala konturidagi paxta va g‘allaga mo‘ljallangan yer maydonidan shu maxallada yashovchi fuqarolar Muxammadiyev Botir 0.05 gektar, Muxammadiyev Daler 0.05 gektar, Nurov Fozil 0.05 gektar, Muxammadiyev Sobir 0.05 gektar, Sattarova Mehrinso 0.07 gektar va Safarov Ashur 0.12 gektar jami 0.39 gektar o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda yer maydonini egallab olib, fuqaro Muxammadiyev Botir tomonidan 57.35 kv m, Muxammadiyev Daler 37.0 kv m, Nurov Fozil 40.0 kv m, Muxammadiyev Sobir 34.0 kv m, Sattarova Mehrinso 35.0 kv m va Safarov Ashur 32.0 kv m maydonga 2019 yilda “Blok-g‘isht”dan sun’iy ravishda yashash imkoniyati mavjud bo‘lmagan uy-joylarini qurib olgan.

Ushbu holat bo‘yicha 2020 yil 8 fevral kuni Oltinsoy tuman hokimining 2019 yil 6 dekabr kuni F-185-sonli Farmoyishiga asosan tuzilgan ishchi guruh a’zolari: tuman hokimi A.T.Djumayev, tuman prokurori T.B.Berdimurotov, tuman IIB boshlig‘i A.Z.Mirzayev, tuman yer resurslari va davlat kadastr bo‘limi boshlig‘i J.Bobomurodov va boshqalar tomonidan “Oq-oltin manzarasi” fermer xo‘jaligining 496-dala konturiga borib, ushbu hududda o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilish qilgan shaxslarga qurilgan uylari noqonuniy qurilganligini ushbu yer maydoni fermer xo‘jaligi tasarrufida ekanligi ma’lum qilib, fuqarolarning o‘z hisoblaridan uylarini buzib olishlarini va ularga boshqa manzildan uy qurishlari uchun yer berishligini tushuntirib o‘tilgan. 

Shundan so‘ng, ishchi guruh tomonidan noqonuniy ravishda qurilish qilib olgan fuqarolarning iltimosiga asosan ularga o‘zlari hisobidan buzib olishlari uchun 2 kun muddat berilgan.

2020 yil 14 fevral kuni ishchi guruh a’zolari: tuman prokurori T.B.Berdimurotov, tuman IIB boshlig‘i A.Z.Mirzayev, tuman hokimi o‘rinbosarlari B.Xudoyqulov, M.Ochildiyev va boshqalar yuqorida ko‘rsatilgan manzilga borib ko‘rilganida, fuqarolar Muxammadiyev Botir, Muxammadiyev Daler va Nurov Fozillar o‘zboshimchalik bilan qurilgan uyga yashash imkoniyati mavjud bo‘lmagan bo‘lsada, ko‘chib kirib olganligi aniqlangan.

Ishchi guruh tomonidan noqonuiy qurilgan uy-joylarni buzib olishlari tushuntirilganida, avvaldan to‘planib turgan fuqarolar Muxammadiyev Botir, Muxammadiyev Daler, Nurov Fozil, Sattarova Mehriniso, Muxammadiyev Sobir, Safarov Ashurlar va ularning yaqin qarindoshlari hokimiyat vakili va IIB xodimlariga noqonuniy qurilgan uylarni buzmasliklari uchun, ular qo‘llarida bo‘lgan benzin, tayoq, belkurak, tosh va boshqa narsalar bilan qarshilik ko‘rsatishgan.

Noqonuniy qurilgan uylarni buzishni imkoniyati bo‘lmaganligi sababli ishchi guruh a’zolari ortlariga qaytib ketishgan.

Shu kuni soat 15:00 lar chamasida tuman prokurori T.Berdimurotov, tuman hokimini o‘rinbosarlari M.Ochildiyev va B.Xudoyqulovlar hamda tuman IIB boshlig‘i A.Z.Mirzayev va boshqa ishchi guruh tomonidan yuqoridagi manzilga borilganda yuqoridagi fuqarolar va ularning qarindoshlari qo‘llarida benzin, tayoq, belkurak, tosh va boshqa narsalar bilan qurollangan holda ishchi guruh oldiga chiqishgan. Ushbu holatda jamoat tinchligini saqlash va vujudga kelishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklarning oldini olish maqsadida tuman IIB xodimlari jalb qilingan. Hokimiyat vakillari va tuman IIB xodimlari tomonidan tushuntirilishiga qaramasdan fuqarolar hokimiyat IIB xodimlariga qo‘llaridagi narsalar bilan tashlanib ketishgan. Noqonuniy ravishda qurilgan uy-joylar ishchi guruh tomonidan buzilmagan.

Ushbu jarayonida tuman IIB JTSG kanvoy xizmati guruhi safdor-xodimi safdor Shayxzod Sheraliyevich Mustafoqulov, tuman IIB HPB IIO tayanch punktlari profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisi Abdimumin Usarovich Jabborov hamda fuqaro Ilxom Raxmatovich Muxammadiyev tan jaroxati olgan.

Oltinsoy tuman STE ning 15.02.2020 yildagi xulosasiga ko‘ra, Shayxzod Sheraliyevich Mustafoqulov 6 kundan ko‘p 21 kundan kam bo‘lmagan vaqtda mehnat qobilyatini yo‘qotish mezoniga ko‘ra, sog‘lig‘ini buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohati olganligi ko‘rsatilgan.

Oltinsoy tuman STE ning 15.02.2020 yildagi xulosasiga ko‘ra, Abdimumin Usarovich Jabborov sog‘lig‘ini buzilishiga sababchi bo‘lmagan yengil tan jarohati olganligi aniqlangan.  
Fuqaro Ilxom Raxmatovich Muxammadiyev Termiz shahar shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limida davolanayotganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda", deyiladi bayonotda.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo janjal

Baholaganlar

473

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing